bugungi kunda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizda majburiy mehnatning bekor qilinishi, fuqarolarga so‘z erkinligining berilishi, shuningdek, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, har bir soha xodimlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator Qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinayotganligini ta’kidlashimiz lozim.

Shuningdek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, uni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

bugungi kunda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, shoshilinch hamda tez tibbiy yordamini, shuningdek, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar tarmog‘ini o‘z ichiga oluvchi uch bosqichli milliy tibbiyot modeli yaratildi. Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar samaradorligini, sifatini va qulayligini oshirish ta’minlanmoqda.

Lekin bir og‘riqli jihat borki, u ham bo‘lsa, tibbiyot xodimlarining kasbiy faoliyati davrida tajovuzga uchrashi, ularga tan jaroxati yetkazilishi darajasidagi holatlar tez-tez ko‘zga tashlanib qolmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-2022 yillarda respublikamizda 285 dan ortiq holatlarda tibbiyot xodimlariga turli shakldagi tajovuzlar qilingan. Amaldagi qonunchilikda esa xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilganlik, tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatga to‘sqinlik qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarlik belgilanmagan. Shu sababli, aybdorlar qilmishiga yarasha jazolanmasdan qolmoqda va bunday holatlar soni tobora ortib bormoqda. Ushbu holatlarga Qonun bilan chek qo‘yish vaqti keldi.

Xususan, bugungi yalpi majlisda senatorlar tomonidan “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilinib, bir ovozdan ma’qullandi.

Qonun ishlab chiqilishida barcha jarayonlar, vaziyatlar va e’tirozlar atroflicha o‘rganilib, soha mutaxassislari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirokida chuqur tahlil qilindi.

Uning parlamentdagi muhokamalari ham barchani birdek qiziqtirdi. Xususan, qonunni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish uchun manfaatdor vazirlik va idoralar, professor-olimlardan iborat ishchi guruh tuzilib, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining fikrlari olindi. Bundan tashqari, keng jamoatchilik fikri izchil o‘rganildi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi modda bilan to‘ldirilmoqda. Ushbu normaga asosan, tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazish – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish jazosini belgilash kiritilmoqda.

Shundan kelib chiqib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning ma’muriy huquqbuzarlik haqidagi ishlarni ko‘rib chiqishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq mazkur toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish muddati uch sutkani tashkil etishi qayd etilmoqda.

Shifokor sifatida yalpi majlisda mazkur qonun senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullanganidan juda ham xursand bo‘ldim. Chunki, ushbu Qonun tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilishga va ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini olishga, shifokorlik kasbining maqomi hamda nufuzini oshirishga, fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga xizmat qiladi.

Manzuraxon SALIMOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi