Bolani chet davlat hududida nazoratsiz qoldirganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lgan bolani otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs chet davlat hududida bolani nazoratsiz qoldirganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ellik baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.

Bu me’yorlar Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda o‘z ifodasini topgan.

Ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yana xuddi shunday xatti-harakat sodir etganlik yoxud chet davlat hududida turgan bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda O‘zbekistonga qaytarilishini ta’minlamaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Jumladan, shunday qonun buzilishlari uchun uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi mumkin.

Senat Raisi mazkur qonun bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib, juda ham dolzarb va muhim normalar amalga kiritilayotganiga urg‘u berdi.

– Xalqimizga xos bolajonlik, insonparvarlik fazilatlari, shaxsning farzand, jamiyat oldidagi mas’uliyati normativ-huquqiy hujjatlarimizda o‘z ifodasini topmoqda, – dedi Tanzila Norboyeva. – Faqat normalar bilan emas, amalda bu sohaga juda katta e’tibor berish kerak. Qonunlarda hammasi belgilab qo‘yilgan. Shuning uchun tegishli qo‘mita hozir ko‘tarilgan masala (ya’ni xorijiy davlatlarda ta’lim olayotgan yoshlar soni) bo‘yicha tegishli vazirlik bilan birga ishlab, ularga amaliy yordam ko‘rsatib, joylardagi deputatlarni ham jalb qilgan holda masalaning hammasini hal qilish kerak. Farzandlarimizning ta’lim olishi, ovqatlanishi, umuman, barcha sharoitlari o‘rganilishi, muammoli masalalar hal etilishi darkor. Zero, bolalar – bizning asosiy kontingentimiz. Qayerda, kim bilan bo‘lmasin, ularning qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgan haq-huquqlari to‘la ta’minlanishi shart. Buni bajarishga hamma majbur.

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchi bolalar sonining oshirilishiga oid norma ham e’tiborga molik. Hammasiga sifat nuqtai nazardan qarash kerak. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bunga alohida mas’uliyat bilan qarashi lozim. Qolaversa, ushbu yo‘nalishda faol jamoatchilik nazorati ta’minlanishi ham yaxshi samara beradi. Faqat nazorat emas, balki amaliy yordam ko‘rsatib, birgalikda ishlash kerak, – dedi Senat Raisi.

Norgul Abduraimova, O‘zA