Islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazorati o‘rnatishni hamda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirishni talab qiladi.
Shu maqsadda hamda ma’muriy sud ishlari yuritishni xalqaro standartlarga mos holda takomillashtirish uchun “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.
Senat yalpi majlisida muhokama qilingan qonunda ma’muriy sud ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bunda ma’muriy sudlarga o‘z tashabbusi bilan dalillarni yig‘ish majburiyatini yuklash belgilanmoqda.
Huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga zararni undirish talabi bo‘yicha ham ma’muriy sudga kiritish huquqi taqdim etilmoqda.
Ma’muriy sudlarning hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda ularga nisbatan sud jarimalarini qo‘llash, takroran ijro qilinmagani uchun sud jarimasini oshirilgan miqdorda qo‘llash belgilanmoqda.
Ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha taraflar o‘rtasida yarashuvga erishish mexanizmlari joriy qilinmoqda.
Shuningdek, sudlar tizimida “Yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish, bunda sudlar tomonidan da’vo arizasi, ariza hamda shikoyatni sudga taalluqli bo‘lmagani sababli qabul qilishni rad etish yoki ish yuritishni tugatishni taqiqlash hamda da’vo arizasi, ariza, shikoyatlarni ko‘rib chiqishga vakolatli sudga o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.
Iqtisodiy sud tomonidan berilgan ijro hujjati bo‘yicha davlat ijrochisining chiqargan qarori ustidan iqtisodiy sudga emas, balki ma’muriy sudga shikoyat qilish belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirishga hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchi oshishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA