Sud-huquq sohasidagi islohotlarning muvaffaqiyati, sudlarning “adolat qo‘rg‘oni”ga aylanishi, sud jarayonida tomonlarning teng huquqliligi hamda tortishuv prinsipini mukammal ta’minlaganligiga bog‘liq. Bunda advokatning huquq va vakolatlarini qonun bilan mustahkamlash alohida ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida odil sudlovni ta’minlashda himoyachiga berilgan huquqlar qayta ko‘rib chiqilishi, qo‘shimcha vakolatlar berilishi haqida alohida ta’kidlangan edi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oliy sud, Advokatlar palatasi hamkorligida “Advokatura faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan dolzarb masalalar” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida shu haqda so‘z bordi.

Unda Oliy sud sudyalari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari, Advokatlar palatasi a’zolari, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida odil sudlovni ta’minlash borasida bildirilgan tashabbuslar hamda 2023 yilgi Davlat dasturining mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish yo‘nalishi doirasida nazarda tutilayotgan chora-tadbirlar atroflicha muhokama qilindi.

So‘z olgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov, O‘zbekiston Advokatlar palatasi raisi Alim Ernazarov muhokama qilinayotgan masalalar yurtimizda inson huquq va erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatli ekanligini ta’kidladi.

Taraqqiyot strategiyasining 19-maqsadida ham advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining malakali huquqiy xizmatlarga bo‘lgan talabini to‘liq ta’minlash nazarda tutilgan.

Jumladan, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida ham sud-tergov jarayonida ishtirokchilarning huquq va erkinliklarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlaridan foydalangan holda samarali himoya qilishni ta’minlash, tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlash protsessual harakatlarini amalga oshirish uchun sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudlarga o‘tkazish, advokatura instituti jozibadorligini oshirish orqali sohaga yosh kadrlarni jalb etishning samarali tizimini yaratish kabi sud va tergov jarayonlarida to‘laqonli inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.

Davra suhbatida shu kabi vazifalarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan sud-huquq sohasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan idoralar vakillarining fikr-mulohazalari ham tinglandi.

Advokatlar palatasi a’zolarining fikriga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 4577 ta advokat faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 30 yoshgacha bo‘lgan advokatlar esa bor-yo‘g‘i 45 nafarni tashkil etadi. Shu bois, sohaga yosh kadrlar kirib kelishini rag‘batlantirish, ularga qo‘yiladigan talablarni yengillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shu bilan birga, advokatura sohasiga oid 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar mavjudligi, qonunchilikda havolaki normalarning ko‘pligi ham soha rivojiga to‘siq bo‘layotganligi ta’kidlandi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar umumlashtirilib, farmon loyihasining tegishli bandlarida aks ettirish uchun ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.

 

B.MELIQULOVA,

O‘zA