Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida dastlab fraksiya rahbari Alisher Qodirov Prezidentimizning Buxoro viloyatiga tashrifi yakunlari haqida to‘xtalib o‘tdi.
— Yurtimiz aholisining ko‘payishi, iqtisodiyot rivojlanib, korxonalar soni ortishi natijasida energiya resurslariga bo‘lgan talab ham oshib bormoqda, — dedi fraksiya rahbari. — Shuning uchun barcha hududlarda bunday quvvatlarni oshirish choralari ko‘rilmoqda, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ishlariga e’tibor qaratilmoqda. Davlat rahbari har bir viloyatga tashrifi davomida energiya manbalari masalasiga alohida e’tibor qaratib, muayyan vazifalarni belgilab bermoqda. Jumladan, Buxoro viloyatiga tashrifi davomida ham mazkur masalaga alohida to‘xtaldi. Xususan, Buxoro tumanidagi “Aksa Enerji Bukhara” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishga tushirilgan issiqlik elektr stansiyasi faoliyati bilan tanishdi. Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash, energiyadan foydalanish samaradorligini oshirish va tarmoqlarda yo‘qotishlarni kamaytirish, sohaga yuqori texnologiyalarni jalb qilish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, Prezidentimiz safar chog‘ida partiyalar, deputatlarning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardagi ishtiroki, mas’uliyatini yanada oshirish lozimligiga e’tibor qaratdi. Deputatlar saylovchilar bilan uchrashuvlarda energetika tizimi, yangi ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi o‘zgarishlar mazmun-mohiyatini targ‘ib qilishda faol ishtirok etishi zarur.
Xalqimizning siyosiy tafakkuri, dunyoqarashi keskin o‘sayotganiga mutanosib ravishda muloqot institutlari ham faollashishi lozim. Aynan shu jihatdan, so‘nggi yillarda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi faoliyatida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Lekin bu yetarli emas, – dedi Alisher Qodirov.
Yig‘ilishda fraksiya a’zolari ham tashrif haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar, bu borada kelgusidagi vazifalar belgilab olindi. Shundan so‘ng kun tartibidagi bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilinib, fikr-mulohazalar bildirildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA