Bugun, 20 fevral kuni Bolgariyada 74-bor tashkil etilayotgan “Strandja” xalqaro turniri boshlandi.

Dunyoning 40 ga yaqin davlatidan 200 nafardan ziyod mahoratli bokschilar qatnashayotgan turnirda 50 ga yaqin Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlarining g‘olib va sovrindorlari qatori yurtimiz charm qo‘lqop ustalari ham qatnashmoqda

Kecha “Kichik jahon chempionati” nomi bilan mashhur bo‘lgan ushbu turnir janglari uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bir-biridan qiziqarli uchrashuvlar bo‘lishi kutilayotgan musobaqada Olimpiya o‘yinlari va Jahon chempionatlari finalida ro‘baro‘ kelgan Jalolov-Konkaboyev qarama-qarshiligidagi jang qachon va qaysi nuqtada ro‘y berishi ko‘pchilikni qiziqtirayotgan edi.

Qur’a natijasiga ko‘ra, Bahodir Jalolov musobaqadagi  ilk jangini 22 fevral kuni  amerikalik Joshua Edvardsga qarshi o’tkazadi. Mazkur bahs g‘olibi esa chorak finalda Qamshibek Konkabayev (Qozog‘iston) — Stan Bertens (Niderlandiya) to‘qnashuvining omadlisi bilan to‘qnash keladi.

Eslatib o‘tamiz, 26 fevralga qadar davom etadigan ushbu turnirda mamlakatimizning 27 nafar bokschisi ishtirok etmoqda. Sofiya ringlarida bokschilarimizdan Hasanboy Do‘smatov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Lazizbek Mo‘llajonov, Abdumalik Halakov, Iqboljon Xoldorov, Ruslan Abdullayev, Odiljon Aslonov, Mujibillo Tursunov mahoratini namoyish etishga chog‘lanmoqda.

T. Ro‘ziyev, O‘zA