Qohira, 20 fevral. O‘zA maxsus muxbiri Ziyodulla JONIBEKOV xabar qiladi.
Buyuk ajdodimiz Ahmad Farg‘oniy Misrda yashab, misli ko‘rilmagan kashfiyotlarni amalga oshirgan. Qohira shahrida, Nil bo‘yida uning sharafiga o‘rnatilgan haykal O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi azaliy do‘stlikning yorqin ramziga aylangan.
Ma’lumotlarga qaraganda, Ahmad al-Farg‘oniy Marv, so‘ngra Bog‘dod, Damashq va Qohira shaharlarida falakiyot (astronomiya), riyoziyot (matematika) va jug‘rofiya fanlari bilan shug‘ullangan, qator ilmiy va amaliy asarlar yozib qoldirgan.
Al-Farg‘oniy Iroqdagi Sinjar cho‘lida tadqiqot o‘tkazib, Yerning dumaloq shaklda ekanini yana bir bor isbotladi.
U Quyosh soatlarini ishlab chiqib, ular yordamida sayyoralar orasidagi masofani o‘lchadi. Mars hajmi Yerning 8/15 qismiga, Yerdan Yupiter 95, Saturn esa 90 barobar kattaligini hisoblab chiqdi. Bu raqamlar zamonaviy ko‘rsatkichlardan katta farq qilmasligi olimning ilmidan darakdir. Al-Farg‘oniyning ushbu o‘lchovlari 15 asrga qadar Sharq va G‘arbda qo‘llanib kelingan.
Milodiy 856 yilda al-Farg‘oniy Qohiraga ko‘chadi va umrining so‘nggiga qadar Misrda ilm-fan bilan shug‘ullanadi.
Allomaning buyuk ishlaridan hayratlangan xalifa Mutavakkil 861 yilda al-Farg‘oniyga Nil daryosidagi suv sathini o‘lchaydigan inshoot barpo etishni topshiradi.
Olim Qohira yaqinidagi Fustat shahriga kelib, Nil daryosidagi Ravza orolida Nilomerni quradi. Ilmiy-texnik va me’moriy jihatdan g‘oyat ulug‘vor bu qurilma hozirga qadar saqlanib qolgan.
Musulmon mamlakatlari bo‘ylab safarga chiqqan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi xalqaro ekspeditsiya a’zolari 1997 yil dekabrda Misrda bo‘lib, Ahmad al-Farg‘oniy hayoti va faoliyatini o‘rgangan.
Alloma Fustat shahrida vafot etgani, Munattam tog‘ining sharqiy qismiga yaqin joylashgan Imom ash-Shofe’ qabristoniga dafn etilgani aniqlandi. Vaqt o‘tishi bilan uning qabri yo‘qolib ketgan. U yerdan olib kelingan tuproq Farg‘ona viloyatining Quva shahrida 1998 yilda barpo etilgan ramziy qabrga qo‘yilgan.
2007 yil 19 aprelda Ravza orolidagi Nilomer yaqinida Ahmad al-Farg‘oniy haykali o‘rnatilgan.
Qohira Nilomeri
Qohira nilomeri – Ahmad al-Farg‘oniy boshchiligida abbosiy Xalifa al-Mutavakkilning amri bilan 861 yilda Qohira shahri yaqinidagi Ravza orolida Nil daryosi suv sathini o‘lchash maqsadida qurilgan inshoot. Nilomer ba’zi Sharq mualliflari asarlarida “Miqyos an-Nil”, deb ataladi.
Nilomer to‘rtburchak shakldagi quduq ko‘rinishida bo‘lib, Nil daryosi bilan uchta yer osti suv yo‘llari orqali tutashgan.
Quduq o‘rtasida oq marmar bilan qoplangan (balandligi 10 metr) sakkiz qirrali ustun o‘rnatilgan. Ustunda suv sathini o‘lchashga imkon beradigan yirik darajot (ko‘rsatkich) bo‘lib, u mayda darajotga bo‘lingan. Yirik darajot arab tirsak birligi (taxminan 54 sm)ga, maydalari esa uning 1/24 qismi (qirot)ga, ya’ni 2,25 sm ga teng.
Kuzatuvchi suv sathi haqida hisob olish uchun aylanma zinapoyadan tushib chiqqan. Nilomer daryo suv sathini katta aniqlikda o‘lchashga imkon bergan. Jahon meteorologiya tashkilotiga a’zo bo‘lgan barcha davlatlarda suv havzalari (daryolar, ko‘llar, suv omborlari, hatto dengiz va okeanlar)ning sathlari ham shu prinsipda o‘lchanadi.
Nilomerdan yaqin o‘tmishga qadar foydalanib kelingan. Agar Nil daryosida suv sathi pasaysa, qohiraliklar qurg‘oqchilik va ocharchilikka tayyorlanganlar. Nil sathining me’yordan yuqori bo‘lishi suv toshqinidan dalolat bergan.
Bugun, 20 fevral kuni bir guruh o‘zbekistonlik ommaviy axborot vositalari vakillari Qohirada buyuk ajdodimiz Ahmad Farg‘oniy haykalini ziyorat qildik, Nil daryosi suv sathini o‘lchash maqsadida qurilgan inshoot. Nilomer haqida yanayam batafsil ma’lumotga ega bo‘ldik.
Nilomerdan 1960-yillarda Asvon suv omborini loyihalashda foydalanilgan. Hozirda Nilomer turistik maskanga aylantirilgan.
Rustam SHORAHIMOV, Muhiddin ALIMBAEV olgan suratlar