Joriy yil 16 fevralda “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, shahar avtobus yo‘nalishlarida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Tashuvchilar bilan hisob-kitoblar “bosib o‘tilgan yo‘l” va “sifat” mezonlari asosida amalga oshiriladi. Yo‘lkira haqini kunlik yig‘ish reja-topshirig‘ini belgilash amaliyoti bekor qilinadi.

Tashuvchilar tomonidan yo‘nalish ko‘rsatkichlari bajarilishini monitoring qilish, bajarilgan ish hajmi va sifatini aniqlash hamda baholash, yo‘lkira haqi to‘lanishini va ko‘rsatilgan xizmatlar sifatini nazorat qilish uchun avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorat tizimi tashkil etiladi.

Shaharlarda avtobus yo‘nalishlarining yangi tarmog‘i, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi va avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmati bosqichma-bosqich 2023 yil 1 martgacha – Toshkent shahrida, 2023 yil 1 avgustgacha – Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida,

2024 yil 1 iyungacha – Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida yo‘lga qo‘yiladi.

Yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi bosqichma-bosqich, 2023 yil 15  apreldan  – Toshkent shahrida, 2024 yil 1 yanvardan – Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida, 2024 yil 1 iyundan – Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida ishga tushiriladi.

Ma’lumot uchun, Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 ta 18 metrli va 500 ta 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar hamda 300 ta 12 metrli elektrobuslar, Nukus shahri va viloyat markazlari jamoat transporti uchun jami 1000 ta tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslarni xarid qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

 

O‘zA