Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi. Xabarda aytilishicha, Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston voleybol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, mamlakatimizda voleybol sport turi bo‘yicha mahoratli sportchilarni kamol toptirish, yurtimizda o‘tkaziladigan chempionatlar saviyasini yanada oshirish, xalqaro maydonda mamlakatimiz voleybol jamoalarining ishtirokini tizimli tarzda tashkil etish, Olimpiya va qit’a o‘yinlarida voleybolchilarimizning ishtirokiga erishish davr talabi sanaladi.

Yig‘ilish davomida federatsiya tomonidan o‘tgan yillarda amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar aytib o‘tilib, kelajakdagi rejalar belgilandi.

O‘zbekiston voleybol federatsiyasi ijroiya kengashining yangi tarkibi delegatlarga tanishtirildi. Yig‘ilishda ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov federatsiya raisi lavozimiga saylandi.

O‘zA