Boks bo‘yicha mamlakatimiz yoshlar terma jamoasi a’zolari Rossiya Federatsiyasining Komsomolsk shahrida o‘tkazilayotgan turnirda munosib natijalarga erishmoqda. Terma jamoamiz a’zolaridan to‘rt nafari bugun o‘tadigan yarim final janglarida ringga ko‘tariladi.
Iqtidorli bokschilarimizdan Sobirjon Tastanov, Ilhom Ergashev, Samandar Olimov rossiyalik charm qo‘lqop ustalariga ro‘baro‘ kelsa, Abdulaziz Abdurahmonov Belarus chempioni Kirill Digar bilan final masalasini hal etadi.
Bugun, 18 fevral kuni boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Bolgariyada o‘tkaziladigan “Stranja” xalqaro turnirida ishtirok etish uchun jo‘nab ketdi.
Bolgariyaning Sofiya shahrida “kichik jahon chempionati” nomi bilan mashhur bo‘lgan “Stranja” turnirida dunyoning eng kuchli bokschilari ishtirok etadi. Unda terma jamoamiz asosiy tarkibidagi 27 nafar bokschi qatnashishini nazarda tutsak, musobaqalar har jihatdan murosasiz kechishi tayin.
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichevning ta’kidlashicha, “Stranja” turniri joriy yil 1-14 may kunlari poytaxtimizda kattalar o‘rtasida bo‘ladigan Jahon chempionati, kuz faslida Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari hamda “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmalari uchun o‘tkaziladigan turnirlarda vatanimiz sharafini himoya qiladigan tarkibni aniqlab olish vazifasini o‘taydi.
Bolgariyaga yo‘l olgan tarkibga nazar tashlasak. 48 kilogrammda Nodirjon Mirzahmedov va Shodiyorjon Meliqo‘ziyev, 51 kilo og‘irlikda Hasanboy Do‘smatov va Asilbek Jalilov, 54 kilo vaznda Shahzod Muzaffarov va Mirazizbek Mirzaxalilov, 57 kilogrammda Abdumalik Xalakov, 60 kiloda Shunqor Abdurasulov, Athamjon Muhiddinov, Dilshod Abdumurodov, 63,5 kilo vaznda Ruslan Abdullayev va Mujibillo Tursunov, 67 kilo og‘irlikda Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev va Bekzod Hamidov, 71 kiloda Iqboljon Xoldorov, Saidjamshid Jafarov, Nurislom Ismoilov, 75 kiloda Havasbek Asadullayev, A’loxon Abdullayev, Abdulaziz Abdupattayev, 80 kiloda Odiljon Aslonov va Jasurbek Yo‘ldoshev, 86 kilo vaznda Shohjahon Abdullayev va Temurxon Sobirov, 92 kilogrammda Lazizbek Mullajonov va Madiyor Saidrahimov hamda eng og‘ir vazn bo‘lgan +92 kilo og‘irlikda Bahodir Jalolovni ko‘rish mumkin.
Sofiya bahslarida bokschi qizlarimizdan Saida Rahmonova, Nozimaxon Bulturova, Muxlisa Xushvaqtova va Xadichabonu Abdullayeva ishtirok etadi.
Boks bo‘yicha ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Elshod Rasulovning bildirishicha, bokschi qizlarimizning asosiy tarkibi joriy yil 15-31 mart kunlari Hindistonda ayollar o‘rtasida o‘tadigan jahon chempionatiga hozirlik ko‘rayotganligi sababli Bolgariyaga zaxiradagi ixcham tarkib jo‘natildi.
Bolgariyada boshlanayotgan xalqaro turnir janglariga ertaga, 19-fevralda qurʼa tashlanadi. Vazn toifalaridagi janglarga 20-fevraldan start beriladi hamda 26-fevralga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA