Bugun, 16 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining (QBOKB) katta maslahatchisi Frank Remus bilan uchrashdi.
Umumiy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. QBOKB vakili O‘zbekistonning afg‘on xalqiga har tomonlama yordam ko‘rsatish, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Termiz shahridagi Gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi orqali Afg‘onistonga yuk tashish imkoniyatini yaratish borasidagi sa’y-harakatini yuqori baholadi.
Shu munosabat bilan tomonlar O‘zbekiston va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi aloqani kengaytirish muhimligini ta’kidladi. Nafaqat Afg‘onistonga, balki dunyoning boshqa mamlakatlariga ham yuklarni yetkazib berish uchun barcha zarur infratuzilmaga ega Termiz shahridagi Xalqaro xabdan keng foydalanish masalalari muhokama qilindi.
O‘zA