Bugun, 17 fevral kuni poytaxtimizdagi “Jar” sport majmuasida mamlakatimiz sambochilari O‘zbekiston chempionligi uchun bashlarga kirishadi.

Kattalar o‘rtasida o‘tkaziladigan O‘zbekiston chempionatida 550 nafardan ziyod sambochilar qatnashmoqda. Bellashuvlar erkaklar, ayollar va jangovar sambo yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilib, umumiy hisobda 21 ta vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.

—Ushbu chempionat terma jamoalarga munosib nomzodlarni saralashga qaratilgan. Aynan mazkur musobaqada o‘z iqtidorini namoyish etganlar joriy yilgi jahon va qit’a chempionatlarida, shu yil Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlarida vatanimiz sharafini himoya qilishga nomzod sportchilar sanaladi, — deydi O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov.

Kecha chempionat oldidan jamoa vakillari hamda hakamlar uchun mandat komissiyasining yig‘ilishi tashkil etildi.

Musobaqalar 19 fevralga qadar davom etadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA