Londonda havo ifloslangani uchun soliqqa tortish joriy etilishi mumkin, deb xabar bermoqda “Kazinform”.

Ushbu shaharda haydovchilar mashina ishlab chiqarilgan yilga qarab, shahar markaziga kirish uchun soliq to‘laydilar. Bu chora 2019 yil joriy etilgan va samara bergan: havo ancha tozalangan. Endi shahar hokimi Sodiq Xon taklifiga ko‘ra, havo ifloslangani uchun eski transport vositasi egasi markazga kirmasa ham soliq to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu tashabbus ayrim aholi va hatto, hukumat rahbarining ham noroziligiga sabab bo‘ldi.

Londonga kirish uchun benzin yoki dizel yoqilg‘isi bilan harakatlanadigan eski yengil avtomobil egasi, shuningdek, mototsikl haydovchisi kuniga 12.5 funt sterling (13.71 dollar) to‘lashi kerak. Yuk mashinasi va avtobus uchun bu yanada qimmatga tushadi. Tirbandlikni kamaytirish uchun 15 funt (18.09 $) undiriladi. Shuning uchun haydovchilar bunday manzillardan qochishga harakat qiladilar. Oxirgi ma’lumotga ko‘ra, atmosferaga azot oksidi chiqindisi 46 foizga tushgan, shahar markazida ekologik vaziyat yaxshilangan. Mustaqil Imperial kollej tadqiqotiga ko‘ra, havoni ifloslantiruvchi avtomobil 60 foiz kamaydi.

– Har yili 4000 dan ziyod shaharlik kir havo tufayli bevaqt vafot etadi, – deydi London hokimi. – Kattalar va bolalarda nafas yo‘li va yurak kasalliklari, o‘sma, demensiya keltirib chiqaradi. Yangi tashabbus ko‘p jihatdan foyda keltirishi ilmiy jihatdan isbotlangan.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, shahar markazidan tashqarida yashovchi 5 million kishi hanuz ekologik vaziyatdan aziyat chekmoqda. Londonda eski transport vositasini boshqarayotgan har bir kishiga soliq solish rejalashtirilyapti. Ekologik talabga javob bermaydigan 200 mingga yaqin avtomobil egasi norozilik bildirish uchun ko‘chalarga chiqdi.

Londonning 11 tumani rahbari merning qaroridan xavotir bildirdi. Ko‘pchilik bu chorani keyinga surish taklifini kiritdi, chunki narx-navo ham ko‘tarilyapti. Bosh vazir Rishi Sunak ham tashabbusdan norozi, biroq u muxolifatdagi leyborchilar partiyasi faoli Sodiq Xonning qarorini faqat sud orqali bekor qila oladi.

– Poytaxtda transport holati uchun ishchilar javobgar, – deydi Buyuk Britaniya hukumati rahbari. – Afsuski, bu tashabbusni muxolifat yetakchisi Kir Starmer qo‘llab-quvvatlamokda. Shahar hokimi xalq va tadbirkorlarga quloq solgisi kelmayapti. U o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishi kerak.

Qirollikda toza havo to‘g‘risidagi qonun, taxminan, 70 yil oldin qabul

qilingan. O‘shanda hukumat ko‘mir yoqishni taqiqlagan va bu havoni tozalashga yordam bergandi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA