“Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlari hamda “Parij-2024” Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan har bir sportchining ovqatlanish tizimi alohida shakllantiriladi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatov taekvondo WT bo‘yicha milliy terma jamoa murabbiylari bilan uchrashuvda ta’kidladi.

Yig‘ilishda Butunjahon taekvondo federatsiyasining yangilangan taqvimi asosida joriy sport mavsumidagi musobaqalar rejasi ko‘rib chiqildi.

Taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Pavel Xan boshchiligidagi murabbiylar shtabi, tibbiyot sohasi vakillari qatnashgan yig‘ilishda joriy yilgi musobaqalar yozgi Osiyo va Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning muhim nuqtasi sifatida qaralishi, “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlari hamda “Parij-2024” Olimpiadasiga tayyorgarlik davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani, bunday e’tiborga munosib bo‘lish lozimligi, yil davomida o‘tadigan asosiy xalqaro musobaqalarda “Fujairah Open” turniridagidek yuqori natijalarga erishish kerakligi aytib o‘tildi.

Muloqotda “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlarida ishtirok etishi kutilayotgan sportchilar tarkibi muhokama qilindi. Shuningdek, asosiy tarkib bilan bir vaqtda zaxira sportchilarini tayyorlab borish, sportchilarimizning har bir Olimpiya vaznida litsenzion hududdan joy olishi murabbiy va mutaxassislarning asosiy vazifalaridan biri ekanligi bildirildi. Shu jihatdan, har bir sportchining ovqatlanish tizimini o‘rganib chiqish, xulosalar taqdim etish, shu asosda tayyorgarlik strategiyasini doimiy tarzda tahlil etib borish “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlari hamda “Parij-2024” Olimpiadasida muvaffaqiyatga erishish omili ekanligi bildirildi.


T.Ro‘ziyev, O‘zA