Yon qo‘shni – jon qo‘shni
Qirg‘izistonda maktab o‘quvchilari o‘rtasida xalqaro insholar tanlovi boshlandi. Bu haqda “Kabar” axborot agentligi ma’lum qildi.
“Tasavvur qiling-a, siz super qahramonsiz, vazifangiz dunyodagi barcha yo‘llarni bolalar uchun xavfsizroq qilish. Kimgadir bu missiyani bajarish uchun lozim bo‘ladigan qudratli reja haqida xat yozing!”
O‘quvchilarga ayni shu mazmunda mavzu topshirildi.
G‘oliblarni ajoyib sovg‘alar kutmoqda: 1-o‘ringa noutbuk, 2-o‘rin uchun planshet, 3-o‘ringa qo‘l telefoni. Tanlovda 9-15 yoshli bolalar ishtirok etishi mumkin. Ishlar 2023 yil 7 aprelgacha qabul qilinadi.
Ushbu tanlov Jahon pochta ittifoqi (JPI)ga a’zo barcha mamlakatlarda “9 oktyabr – Jahon pochta kuni” munosabati bilan o‘tkaziladi.
Ittifoqqa a’zo har bir pochta operatori tanlov e’lon qiladi va Shveysariyaning Bern shahridagi JPI qarorgohiga bir bolaning inshosini yuboradi. Dastlabki uch o‘rinni egallagan ishtirokchilar tashkilot tomonidan medal bilan taqdirlanadi. Birinchi o‘rin sohibi Bernga xalkaro byuro sovrinini olish uchun yo‘llanma bilan taqdirlanadi.
Darvoqe, internet manbalaridan ko‘chirilgan insholar tanlovga qo‘yilmaydi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA