AOKAda Mudofaa vazirligi mutasaddilari ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Joriy yilning 7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Hujjatga muvofiq, mudofaa ishlari boshqarmalarining chaqiruv va yig‘in punktlarida fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda harbiy qismlarda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish tadbirlari boshlandi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning mart-aprel oylarida chaqiruv yoshidagi fuqarolar Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligi Qorovul va xalqaro aeroportlarni qo‘riqlash qo‘shinlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirliklari qo‘shinlariga muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun yuborish, muddatli harbiy xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan fuqarolarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish ishlari o‘tkaziladi.
Kechadan joylarda chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularni harbiy qismga jo‘natish uchun komandalarga tayinlash ishlari boshlandi. bugungi kunda tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari huzurida Qurolli Kuchlarni butlash hamda hududiy-tibbiy komissiyalar ish faoliyatlarini olib borayotgan bo‘lsa, joriy yilning 20 fevralidan boshlab esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yig‘in punktlarida Rahbariyat kengashlari hamda harbiy-tibbiy komissiyalar ish faoliyatini boshlaydi.
Harbiy xizmatga chaqirish tadbirlari 2020 yil 6 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Chaqiruv tadbirlarini o‘tkazish mas’uliyati harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonlariga yuklatilgan. Yoshlarni muddatli harbiy xizmatga saralab olish, harbiy komandalarga tayinlash tadbirlari Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, DXX Chegara qo‘shinlari vakillaridan iborat Butlash komissiyalari hamda Rahbariyat kengashlari, nomzod chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari harbiy gospital harbiy shifokorlari hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokor-mutaxassislardan iborat harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan o‘tkaziladi.
bugungi kunda Qurolli Kuchlar safini jismonan baquvvat va ruhan sog‘lom fuqarolar bilan butlash maqsadida muddatli harbiy xizmatga chaqirilish tartibi ikkita bosqichda o‘tkaziladi. Ya’ni tuman, shahar mudofaa ishlari bo‘limlari chaqiruv punktlarida hududiy tibbiy komissiyalari tomonidan birlamchi tibbiy ko‘rik, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalaridagi yig‘in punktlarida harbiy tibbiy komissiyalari tomonidan esa chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkaziladi.
M.Qosimova, O‘zA