“O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev boshchiligidagi delegatsiya “Pure London 2023” xalqaro moda va dizayn ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda.

Safardan ko‘zlangan maqsad yurtimizda xalqaro standart va sertifikatlarni joriy qilish, Birlashgan Qirollikning “Developing Countries Trading Scheme – DCTS” preferensial rejimi imkoniyatidan foydalangan holda, Britaniya bozoriga kirish.

Safar davomida jahon moda tendensiyasi bilan tanishiladi, mamlakatimizda xalqaro brendlar mahsulotini ishlab chiqarish masalasi muhokama qilinadi.

Yiliga ikki marta o‘tkaziladigan ushbu ko‘rgazmada to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar qatnashadi. Joriy yilgi tadbirda sohaning 17 mingdan ko‘p ustasi, 800 dan ziyod kompaniya, brendlar 1300 ga yaqin tayyor mahsulot jamlanmasi bilan ishtirok etyapti.

Ko‘rgazma doirasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati Britaniyaning “Kris-Ana”, “North&Sourth Footwear”, “Hydestyle” va “Shu Da living” korxonalari, Janubiy Afrika charm va poyabzal mahsulotlari eksportchilari kengashi (SAFLEC), ushbu mamlakatning “Angel Soft”, Turkiyaning “BTB Global”, Niderlandiyaning “Bulaggi”, Ispaniyaning “Landa”, Ruminiyaning “Colloris” kompaniyalari bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvlar davomida mamlakatimiz korxonalarining ishlab chiqarish salohiyati, shuningdek sifat menejmenti, logistika va mahsulot tannarxiga doir ma’lumotlar taqdim etildi.

Bundan tashqari “Barqaror terichilikni rivojlantirish” (Sustainable Leather Foundation, SLF) va “Charm ishchi guruhi” (Leather Working Group, LWG) xalqaro tashkilotlari tomonidan “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga a’zolik sertifikati topshirildi. Uyushma rahbari Xalqaro mo‘yna federatsiyasi (International Fur Federation, IFF) va Nortxempton universiteti qoshidagi Kreativ charm texnologiyalari ilmiy instituti vakillari bilan uchrashib, o‘zbekistonlik mutaxassislar malakasini oshirish masalasini muhokama qildi.

Britaniya tomoni joriy yil 5-7 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan “UzCharm Expo Shoes Star – Eurasia-2023” 14-Xalqaro mahalliy mahsulotlar ko‘rgazma-yarmarkasida qatnashishga qiziqish bildirdi. Britaniya charm kengashi “Leather UK” va Ko‘nchilar xalqaro kengashi (International Council of Tanners, ICT) hamda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

O‘zA