Ma’lumki, joriy yilning yanvar oyida mamlakatimizda anomal sovuq havo oqimi kirib kelishi munosabati bilan, Energiya va issiqlik ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Ta’kidlash joizki, energiya ta’minotdagi muammolar va uzilishlar qandaydir tashqi faktorlarga bog‘liq bo‘lmagan holatdir. Bu ichki iste’molning oshishi, iqtisodiyotimizning o‘sishi, yangi qurilgan uylar va aholi sonining oshishi, shuningdek sanoat korxonalarining ko‘payishi oqibatida energiya resurslarga bo‘lgan talab-ehtiyoji keskin oshishiga olib keldi. So‘nggi besh yilda yurtimizda xonadonlar 1,2 mln.taga ko‘paydi, korxonalar soni esa 260 mingtaga ko‘paydi.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning 16 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 yanvar kuni aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Mazkur yig‘ilishda energiya ta’minotidagi muammolar tanqidiy tahlil qilindi va tegishli vazifalar belgilandi.
Energetika – iqtisodiyot, umuman, taraqqiyotning “qon tomiri” hisoblanadi. Iste’molningyilda-yilgaoshibborayotgani, resurslar qisqarib borishi vaqimmatlashishi, importga bog‘liqlik kuchayishiga olibkelmoqda.O‘z navbatida, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash masalasi bugungi kundagi eng muhim jihatlardan biri hisoblanadi. Shu sababli qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish kun sayin muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.
O‘zbekiston yashil energetikaga o‘tish bo‘yicha qanday imkoniyat mavjud va rejalar belgilangan?
Qayd etish joizki, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 24-maqsadida iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda «Yashil iqtisodiyot» texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish belgilangan. Bunda 2026 yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichini qo‘shimcha 30 milliard kVt. soatga oshirib, jami 100 milliard kVt. soatga yetkazish, 2026 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash. Uy-joy kommunal xo‘jaligi, ijtimoiy soha ob’ektlari va boshqa sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish kabi vazifalar belgilangan.
Bundan tashqari, reja bo‘yicha 2026 yilga borib O‘zbekistonda umumiy quvvati 8 000 megavattga teng quyosh va shamol elektr stansiyalari, 868 megavatt quvvatga ega gidroelektr stansiyalari ishga tushirilishi kutilmoqda. O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 2026 yilga borib 8 GVt.ga, 2030 yilga borib esa 12 GVt.ga oshirishni maqsad qilgan. O‘zbekistonda quyosh yiliga o‘rtacha 330 kun nur taratgani bois, mamlakatimizda quyosh energiyasidan foydalanish imkoniyati mavjud.
Quyosh panellarini o‘rnatganlarga qanday imkoniyatlar, imtiyoz va preferensiyalar mavjud?
Ma’lumki, qonunchiligimizda quyosh panellaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qancha imtiyoz va preferensiyalar belgilangan. Xususan:
- Aholi o‘z xonadonida quyosh panellarini o‘rnatsa, ehtiyojidan ortiq elektr energiyasini davlat tarmoqlariga sotgan aholiga har bir kVt.soat uchun 1000 so‘mdan (hozir 295 so‘mdan) to‘lanadi;
- Panel o‘rnatgan tadbirkorlar ishlab chiqargan elektrni davlat kafolatli sotib oladi. Keyingi yildan esa boshqa iste’molchilarga ham sotishi mumkin bo‘ladi. Tadbirkorlar tomonidan kichik o‘lchamli quyosh batareyasidan olinadigan 1 kVt/soat elektr energiyasining o‘rtacha narxi 450 so‘m bo‘lib, uni byudjet tashkilotiga 800 so‘mdan sotishi mumkin. Har oyda hisob-kitob qilib, mablag‘lar xonadon egasining plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.
- O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 21 maydagi «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunining 14-moddasiga ko‘ra:
- Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq bo‘lgan) o‘rnatganlik uchun mol-mulk solig‘ini to‘lashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran o‘n yil muddatga ozod etiladi.
- Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar egaligidagi mol-mulkka qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i solinmaydi.
- Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga yer solig‘idan ozod etiladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan shaxsiy ehtiyojlar uchun elektr energiyasi ishlab chiqarilgan taqdirda ruxsat beruvchi hujjatlar olish talab etilmaydi.
Quyosh panel o‘rnatish uchun davlatdan kompensatsiya olish mumkin:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining2022 yil 9 sentyabrdagi «Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan. Farmonga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab:
▪jismoniy shaxslarga Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan respublikada ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda quyosh suv isitish qurilmalarini 3 yil mobaynida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olish imkoniyati yaratiladi;
▪qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining qiymatini to‘liq to‘lagan holda ularni xarid qilgan va o‘rnatgan iste’molchilarga xarid xarajatlarining bir qismi 1-jadvalda ko‘rsatilgan miqdorlarda Jamg‘arma hisobidan kompensatsiya qilinadi;
1-jadval
Quyosh yoki shamol elektr stansiyasini o‘rnatganlik uchun
kompensatsiyalar miqdori
T/r | O‘rnatilgan quvvat | Kompensatsiya miqdori (bazaviy hisoblash miqdori) |
1. | 0,5 kVtdan 1 kVtgacha | 7 barobar (2 100 000 so‘m) |
2. | 1 kVtdan 1,5 kVtgacha | 10 barobar (3 000 000 so‘m) |
3. | 1,5 kVtdan 2 kVtgacha | 15 barobar (4 500 000 so‘m) |
4. | 2 kVt va undan yuqori | 20 barobar (6 000 000 so‘m) |
5. | 5 kVt va undan yuqori* | 50 barobar (15 000 000 so‘m) |
Eslatma: 2023 yil 1 yanvar holatiga bazaviy hisoblash miqdori 300 000 so‘mni tashkil etadi.
▪iste’molchilar tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar, yetkazib berish, o‘rnatish va ishga tushirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar, mahalliy chakana savdo ob’ektlaridan, shu jumladan, elektron tijorat vositalari orqali sotib olinganda, bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi yoki yakuniy chakana narxdan kompensatsiya miqdori chegirib tashlanadi.
2-jadval
Quyosh panellari o‘rnatish uchun aholiga beriladigan kreditlar miqdori va muddatlari
№ | Bank nomi | Kredit nomi | Kredit muddati | Kredit miqdori | Kredit foizi |
1. | Mikrokreditbank | “Saving energy” | 60 oygacha | 500 BHMgacha | 15% |
2. | Xalq banki | «Yashil makon» | 5 yilgacha | 60 mln. so‘mgacha | 15% |
3. | Ipoteka-bank | «Yashil makon» | 5 yilgacha | 90 mln. so‘mgacha | 15% |
4. | Qishloq-qurilishbank | «Yashil makon» | 5 yilgacha | 90 mln. so‘mgacha | 15% |
Aholi uchun quyosh panellarini o‘rnatish samaralimi?
Misol uchun, fuqaro A.Salimov Toshkent shahrida istiqomat qiladi. Uning egaligidagi yer uchastkasi 5-zonada (2023 yilga 1 m2 yer uchun 550 so‘m soliq stavkasi) joylashgan bo‘lib, 6 sotix (600 m2 ). Shuningdek, egaligidagi uy-joyning kadastr qiymati 120 mln. so‘m va umumiy maydoni 300 m2ni (0,37% soliq stavkasi 2023 yil uchun) tashkil etadi. Fuqaro A.Salimovga 2023 yil uchun 330 000 so‘m yer solig‘i, 444 000 ming so‘m mol-mulk solig‘i jami 774 000 so‘mni tashkil etmoqda. Fuqaro A.Salimov soliqdan imtiyozli davrda 3 yilda jami 2 322 000 so‘m mablag‘ o‘zi ixtiyorida qolmoqda.
Biroq, bugungi kundagi bozor narxlaridan kelib chiqib, 5 kVt.li quyosh panelining o‘rtacha narxi 54 500 000 so‘mni (kompensatsiya narxi bilan 48 500 000 so‘m) tashkil etadi https://energymarket.uz/.
Ushbu quyosh panelining energiya quvvati hajmi o‘rtacha 4-5 kishilik oila uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 4-5 xonali uyni energiya bilan ta’minlash, 1 ta televizor, 1 ta xolodilnik va konditsionerni ishlatishiga yetadi.
Hisob kitoblarga ko‘ra, 5 kishilik oila o‘rtacha bir oyda 400 kVt soat elektr energiyasini iste’mol qiladi va (295 so‘m)dan jami 118000 so‘m to‘lovni amalga oshiradi. Agar 5 kVt.li quyosh panelini o‘rnatsa, bir oyda 750 kVt. elektr toki ishlab chiqiladi. Iste’moldan ortiqcha bo‘lgan 350 kVt.ni davlatga 1000 so‘mdan sotsa, bir oyda 350 000 so‘m daromadga ega bo‘ladi. Bir yilda esa 4 200 000 so‘m daromadga ega bo‘ladi.
Demak, fuqaro bir yilda jami 4 974 000 so‘m, shundan 774 ming so‘m soliqdan imtiyozga ega va 4 200 000 so‘m daromad ega bo‘lmoqda. Quyosh panelining narxini qoplash uchun fuqaroga o‘rtacha 10 yil vaqt kerak bo‘ladi. Bu esa fuqaro uchun foydalanish nafligi va samaradorligi kam hisoblanadi.
Aholi o‘rtasida quyosh panellaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday imkoniyatlar mavjud?
1-taklif: Aholi xonadonlarida kichik hajmdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keskin oshirish hamda rag‘batlantirish tizimini joriy etish. Bunda quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarni tabaqalashtirilgan tartibda mol-mulk solig‘idan ozod etish.
Amalga oshirish mexanizmi: Turar joy va xonadonlarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan (quyosh panellari, isitish kollektorlari) foydalanuvchi jismoniy shaxslarni tabaqalashtirilgan tartibda mol-mulk solig‘idan ozod etish. Bunda kuchlanish birligi 5 kVt.gacha quyosh panellariga 5 yil, 5-10 kVt.gacha bo‘lganlari 7 yil va 10 kVt.dan yuqori bo‘lganlarga 10 yilga o‘rnatilgan oydan mol-mulk solig‘idan ozod etish. Amaldagi SK-421 moddasida imtiyoz muddati 3 yil etib belgilangan. Bu esa imtiyozdan foydalanish nafliligi va samaradorligini ta’minlamaydi hamda jismoniy shaxsning quyosh paneli uchun qilingan xarajatini qoplamaydi. Soliq kodeksining 421-moddasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish.
2-taklif: Aholi xonadonlarida kichik hajmdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keskin oshirish hamda rag‘batlantirish tizimini joriy etish. Bunda quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarni tabaqalashtirilgan tartibda yer solig‘idan ozod etish.
Amalga oshirish mexanizmi: Turar joy va xonadonlarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan (quyosh panellari, isitish kollektorlari) foydalanuvchi jismoniy shaxslarni yer solig‘idan tabaqalashtirilgan tartibda ozod etish. Bunda kuchlanish birligi 5 kVt.gacha quyosh panellariga 5 yil, 5-10 kVt.gacha bo‘lganlari 7 yil va 10 kVt.dan yuqori bo‘lganlarga 10 yilga o‘rnatilgan oydan yer solig‘idan ozod etish.
Amalda SK-436 moddasida imtiyoz muddati 3-yil belgilangan. Bu esa imtiyozdan foydalanish nafliligi va samaradorligini ta’minlamaydi hamda jismoniy shaxsning quyosh paneli uchun qilingan xarajatini qoplamaydi. Soliq kodeksining 436-moddasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish.
3-taklif: Aholi xonadonlarida kichik hajmdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keskin oshirish hamda rag‘batlantirish tizimini joriy etish. Bunda quyosh panellarini o‘rnatib, davlatga sotilgan elektr energiyadan olinadigan daromadlarini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etish.
Amalga oshirish mexanizmi: Turar joy va xonadonlarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan (quyosh panellari, isitish kollektorlari) foydalanuvchi jismoniy shaxslar davlatga sotilgan elektr energiyadan olinadigan (1 kVt uchun 1000 so‘mdan belgilandi) daromadlarini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etish. Amalda ushbu tartib belgilanmagan. Ushbu tartibning joriy etilishi natijasida imtiyozdan foydalanish nafliligi va samaradorligini ta’minlanadi va quyosh panellarini o‘rnatib daromad oladigan jismoniy shaxslarni rag‘batlantiradi. Soliq kodeksining 378-moddasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish.
Xulosa qilganda, yuqorida bildirilgan takliflarning amaliyotga qo‘llanilishi aholi o‘rtasida quyosh panellaridan foydalanish ko‘lami va samaradorligini oshiradi hamda mamlakatimizda yashil iqtisodiyotni rivojlanishiga xizmat qiladi.
J. O‘rmonov, O‘zbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti
“Iqtisodiy fanlar ” kafedrasi boshlig‘i, professor