Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tomonidan “Jinsiy erkinlikka, yoshlarga hamda axloqqa qarshi jinoyatlarni oldini olishning huquqiy asoslarini takomillashtirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

— Mamlakatimizda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish, bolalar orasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda, — dedi qo‘mita raisi Jahongir Shirinov. — Xususan, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili instituti tashkil etildi. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi, Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) komissiyalari tashkil qilindi. Sohaga oid huquqiy asoslar kuchaytirildi.

Masalan, Jinoyat kodeksi 1281-modda bilan to‘ldirilib, unda o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsning o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda unga moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish uchun javobgarlik belgilandi. Biroq shunga qaramay, voyaga yetmaganlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar, shu jumladan bolalarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar kabi salbiy holatlar kuzatilmoqda.

Ushbu qilmishlar uchun belgilangan jazo bu turdagi jinoyatlarning kamayishiga olib kelmayapti. Voyaga yetmaganlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralarining yengilligi jamoatchilikning e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda.

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Loyiha yuqoridagi kabi holatlarning oldini olish, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlarni bartaraf etishga qaratilgan. Yig‘ilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, huquqshunoslar, qo‘mita huzuridagi ekspertlik guruhi a’zolari, yoshlar bilan birgalikda ushbu masala muhokama qilindi.

Tadbirda qayd etilganidek, amaldagi qonunchiligimizda voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qaysi xatti-harakatlar nomaqbul deb hisoblanishi ko‘rsatilmagan. Jabrlanuvchining yoshiga qarab jazo darajalari mavjud emasligi, ikki yoki undan ortiq voyaga yetmaganlarga nisbatan odobsiz harakatlar sodir etilgan yoki ular bir guruh shaxslar tomonidan oldindan kelishilgan holda sodir etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha jazo belgilanmasligi e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Qonunchilikdagi bunday bo‘shliqlar zo‘ravonlarga sudlanganidan keyin ham bolalar bilan takroran shunday qilmishlarni sodir etish va yengil jazo bilan qutulib ketish imkonini beradi. Shu bois Jinoyat kodeksining 128 va 129-moddalarini qayta ko‘rib chiqish bolalar va o‘smirlarni himoya qilish sohasidagi qonunchiligimizni takomillashtirishga xizmat qiladi.

Davra suhbatida fikr-mulohaza va takliflar bildirilib, qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.


Muhtarama Komilova, O‘zA