Poytaxtimizda Global yashil o‘sish instituti (GGGI)ning bosh direktori Frank Raysberman, O‘zbekistondagi xorijiy diplomatik vakolatxonalar hamda xalqaro tashkilotlar rahbar va vakillari ishtirokida tadbir tashkil etildi.

Tadbirda qayd etilishicha, Orolbo‘yi mintaqasining yashil tiklanishini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan umumiy qiymati 5,9 million AQSH dollariga teng bo‘lgan loyiha Orol dengizi tanazzuli salbiy oqibatlarini bartaraf etishga va mahalliy aholining turmush tarzini yanada yaxshilashga, yangi “yashil biznes” tamoyillari bilan tanishtirishga xizmat qilmoqda.

Tabiat resurslari vaziri A.Abduhakimov institutning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Fransiya rivojlanish agentligi o‘rtasida Strategik ekologik baholashni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 145 ming yevro miqdoridagi grant shartnomasi imzolanganini qayd etdi. Ushbu grant institutning skrining tadbirlarini amalga oshirish, hukumatning atrof-muhit bo‘yicha olib borilgan keng ko‘lamli tadqiqotlar va o‘tkazilgan tajribalarini atrof-muhitni asrab-avaylash bo‘yicha rejalashtirish jarayonida foydalanishda yordam berishini ta’kidlab o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, Global yashil o‘sish institutining O‘zbekistondagi vakolatxonasi faoliyat boshlaganiga bir yil bo‘ldi. Global yashil o‘sish institutining O‘zbekistondagi vakolatxonasi MDH, shu jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi ofis hisoblanadi. O‘tgan bir yil davomida institut tomonidan faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, cho‘llanishning oldini olish kabi bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Global yashil o‘sish instituti xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, bosh ofisi Seul shahrida (Janubiy Koreya) joylashgan. Mazkur tashkilot 2012 yil 20 iyun kuni Rio-de-Janeyroda (Braziliya) BMTning Barqaror rivojlanish bo‘yicha konferensiyasi doirasida ta’sis etilgan. Tashkilotga dunyoning 45 davlati a’zo hisoblanadi. O‘zbekiston ushbu nufuzli tashkilotga 2019 yil Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan a’zo bo‘lgan.

Shuningdek, tadbirda Global yashil o‘sish institutining Bosh direktori Frank Raysberman institut vakolatxonasining bir yillik faoliyatini yuqori baholagan holda O‘zbekistonda yashil o‘sish va iqlim barqarorligi bo‘yicha kelajakda hamkorlikda amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar, rejalar haqida ma’lumot berdi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA