Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib turgan mamlakatimiz ishchi guruhi ikkinchi kun vazirlar va bir necha yetakchi kompaniya rahbariyati bilan uchrashdi.

O‘zA muxbiri aniqlashicha, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va BAA sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri – “Masdar” kompaniyasi boshqaruvi raisi Sulton Ahmad Al-Jobir bilan kechgan muloqotda investitsiyaviy hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yangi yirik loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga kimyo sanoati, metallurgiya, geologiya-qidiruv sohalarida joriy va yangi sarmoyaviy tashabbuslarni ilgari surish rejasi muhokama qilindi.

“Xalifa bin Zoid Ol-Nahayon jamg‘armasi” bosh direktori Muhammad Hoji Al-Huriy bilan uchrashuvda Nukus shahrida ayollar va bolalar klinikasi qurish bo‘yicha ish boshlangani ta’kidlandi. Qarshi va Toshkent shaharlarida ham shunday shifoxona barpo etish istiqboli, shuningdek, mamlakatimizda yangi tug‘ilgan chaqaloqlar eshitish qobiliyatini tekshirish bo‘yicha universal tizim joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi.

“International holding company” bosh ijrochi direktori Sayid Basar Shuib bilan sog‘liqni saqlash, energetika va boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalar yaratish mavzusi ko‘tarildi. Tomonlar mamlakatimiz investitsiyaviy salohiyati bilan yaqindan tanishish, qo‘shma tashabbuslar doirasida shartnomalar tuzish maqsadida kompaniya rahbariyati va ekspertlarining yurtimizga tashrifini tashkil etishga kelishildi.

“ADSSC” bosh direktori A.Shamsiy bilan uchrashuvda asosiy e’tibor Toshkent shahridagi oqava suv tizimini DXSH tamoyili asosida takomillashtirishga qaratildi. Loyiha doirasida zamonaviy muhandislik inshootlari qurish nazarda tutilgan. Tegishli investitsiya taklifi loyihasi joriy yil bahorda imzolanishi rejalashtirilgan.

“RAK Ceramics” kompaniyasi ijrochi direktori A.Massad bilan uchrashuvda O‘zbekistonning qurilish materiallari ishlab chiqarish salohiyati namoyish etildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, 1989 yil tashkil etilgan“RAK Ceramics” dunyodagi eng yirik keramik mahsulot (plita, sanitar-texnik vosita, kran va oshxona jihozlari, idish-tovoq va hokazo)lar ishlab chiqaradi. Kompaniya BAA, Hindiston, Bangladesh, Eron, Avstraliya, Singapur, shuningdek Yevropa Ittifoqi va Sharqiy Afrika davlatlarida ishlab chiqarish quvvatlariga ega.

Muloqot davomida mazkur kompaniya bilan eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar, xususan, kafel va kulolchilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ustida ish boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zA