Joriy yil 6 fevral kuni Turkiya Respublikasi janubi-sharqiy viloyatlarida sodir bo‘lgan zilzila natijasida jabrlangan O‘zbekiston fuqarolarini aniqlash, ularga zarur yordam ko‘rsatish maqsadida mamlakatimizning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasida tashkil etilgan guruh kecha-yu kunduz faoliyat ko‘rsatmoqda.
Qayd etish kerak, konsulxonamiz Turkiyaning mutasaddi vazirlik, idoralari bilan holat yuzasidan doimiy aloqa o‘rnatgan. Hamkorlikda shu kunga qadar e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi.
Xususan, nobud bo‘lgan 6 nafar yurtdoshimizning biri Turkiyada dafn etildi, 4 nafarining jasadi yurtga yuborildi. Ayni payt yana bir vatandoshimiz bilan bog‘liq hujjat rasmiylashtirilmoqda. Qidirilayotgan 75 hamyurtimizdan 66 nafari topilib, ular bilan aloqa o‘rnatildi. 27 kishi tabiiy ofat hududidan evakuatsiya qilinib, O‘zbekistonga jo‘natildi.
30 nafardan ziyod vatandoshimiz zilzila sodir bo‘lgan viloyatlarda moddiy yordamga muhtoj holatda ekani aniqlanib, ularga ko‘mak ko‘rsatish uchun tegishli chora ko‘rilmoqda.
Bosh konsulxona tomonidan ofat sodir bo‘lgan shaharlarga insonparvarlik yordami yuborish, jabr ko‘rgan vatandoshlarimizga ko‘maklashish jarayonini markazlashtirgan holda tashkil etish, ko‘mak manzilga ishonchli yetib borishini ta’minlash maqsadida maxsus bank hisob-raqami ochildi. Faol vatandoshlar, homiylardan kelib tushgan mablag‘ fuqarolarimizni Istanbulga olib kelish, ularni oziq-ovqat bilan ta’minlash, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, mehmonxonaga joylashtirish va O‘zbekistonga yuborish uchun avia chipta xarid qilish bilan bog‘liq xarajat uchun maqsadli sarflanmoqda.
Nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda ofatdan jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida homiylik manbalari hisobidan generator, isitgich, kiyim-kechak, oziq-ovqat, gigiyena mahsulotlari va boshqa insonparvarlik yuklari Xatay, Qahramonmarash, Gaziantep shaharlariga yuborildi.
Qahramonmarash viloyatida oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan 8 nafar o‘zbekistonlik talaba aniqlanib, ularga homiylik mablag‘i hisobidan moddiy yordam ko‘rsatildi. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Savdo-sanoat palatasi, tadbirkorlar va talabalar hamkorlikda fojea yuz bergan shaharlarda mamlakatimizdan kelgan bir guruh taniqli oshpazlar har kuni 500 kg miqdorida 6 ta doshqozonda ikki mahal palov va boshqa milliy taomlar pishirib tarqatilishida yaqindan yordam berilyapti.
Qayd etish kerak, ijtimoiy tarmoqda noma’lum shaxslar tomonidan vafot etgani haqida noto‘g‘ri axborot berilgan O‘zbekiston fuqarosi – Namangan viloyatida 1975 yil tug‘ilgan Shohista Niyozova Bosh konsulxona sa’y-harakati bilan qidirib topildi. U va zilzila vaqtida birga bino ostida qolib ketgan Marg‘ubaxon Miraliyeva voqea joyidan Istanbul shahriga keltirilib, shifoxonada ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularga bepul tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Ta’kidlash joiz, fojea sodir bo‘lgan ilk kundan boshlab mamlakatimiz Turkiya xalqiga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordami qardosh davlat tomonidan yuksak qadrlanayotir. Buyuk Millat Majlisi raisi Mustafo Shentop va mudofaa vaziri Xulusi Akar zilzila ro‘y bergan hududda ishni tashkil etish jarayonida tun-u kun mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik qutqaruvchilar, yordamga kelgan vatandoshlarimiz bilan uchrashdi. Ular o‘zbek xalqining bu yordami hech qachon unutilmasligini bildirishdi. Mazkur mulofot dunyo OAVda, ijtimoiy tarmoq orqali keng yoritildi.
Turkiya IIV Xalqaro hamkorlik xizmati va Migratsiya xizmati bosh boshqarmasi rahbariyati ham ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun davlatimiz rahbariyatiga turk xalqi nomidan minnatdorlik bildirdi.
O‘zA