O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasining o‘tgan yil yakunlari va joriy yilgi rejalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Federatsiya ijroiya qo‘mitasi a’zolari, terma jamoa murabbiylari, hududiy bo‘lim ijrochi direktorlari, mutaxassislar qatnashgan yig‘ilishda 2022 yilgi musobaqalar natijalari hamda 2023 yilgi ichki musobaqalar o‘tkazish nizomi ko‘rib chiqildi. Har bir hududning ichki chempionatlarda qatnashish holati, sportchilarning ko‘rsatkichlari bo‘yicha ishlab chiqilgan monitoring asosida yutuq va kamchiliklar aytib o‘tildi.
Shuningdek, ishtirokchilar Xalqaro og‘ir atletika federatsiya nizomiga kiritilgan o‘zgarishlar bilan tanishtirildi.
Milliy terma jamoa murabbiylar kengashi joriy yil Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik strategiyasi xususida axborot berishdi.
Bundan tashqari, terma jamoada ishlashga jalb qilingan eronlik Alixoseini Said va turkmanistonlik Dovlet Glidjov tanishtirildi.
Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov xalqaro musobaqalardagi o‘tgan yilgi natijalar hamda joriy yilgi rejalar xususida mutaxassislarga axboroti berdi. Murabbiy va mutaxassislar oldida turgan vazifalar belgilandi.
Yig‘ilish so‘ngida 2022 yilgi sport mavsumida munosib yutuqlarga erishganlar orasidan eng yaxshilar e’lon qilindi va mukofotlandi.
Tashkiliy qo‘mita qaroriga ko‘ra, Namangan viloyati jamoasi yilning eng yaxshi viloyat termasi sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa, Akobir Usmonov “Eng yaxshi murabbiy” Rigina Adashboyeva “Yil kashfiyoti”, Nigora Abdullayeva “Eng yosh umidli sportchi”, Sharofiddin Amriddinov “Eng yaxshi yosh sportchi”, Tursunoy Jabborova “Eng yaxshi ayol sportchi”, Ruslan Nuruddinov “Eng yaxshi erkak sportchi”, deya e’lon qilindi.
Anjumanda delegatlar taklifiga binoan Abdusattor Mamasiddiqov O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi Toshkent viloyati bo‘limiga yangi ijrochi direktor sifatida tanishtirildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA