Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Yangi Andijon massividagi “Ipoteka markazi”da muqobil energetikani rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Qayd etilganidek, endilikda  aholiga quyosh energiyasidan foydalanish uchun jozibador tizim yaratiladi.

–Vodiydan boshlab, xonadonlarda ishlab chiqarilgan va tarmoqqa uzatilgan har bir kilovatt soat uchun 1 ming so‘mdan hisob-kitob qilinadi (hozir 295 so‘m), – davlatimiz rahbari.

Hokimlarning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari zamonaviy ko‘mir kogeneratsiyasini (ya’ni, bir paytda issiqlik va elektr energiyasini ishlab chiqarishni) joriy qilishga mas’ul bo‘ladi.

Misol uchun, joriy yilda Andijon, Quvasoy, Qo‘qonda, Yangi Andijon va Eko Farg‘ona massivlarida kogeneratsiya loyihalari amalga oshiriladi.

Barcha ijtimoiy ob’ektlardagi 3 mingta eskirgan qozonlarni zamonaviy uskunaga almashtirish zarurligi aytildi.

Shuningdek,  vodiyda yiliga 120 million kub metr gaz sarflayotgan 170 ta issiqxona, 64 ta g‘isht va ohak korxonalarini ko‘mirga o‘tkazishni tezlashtirish topshirildi.

Mutasaddilarga  yil yakuniga qadar 500 ta ko‘p qavatli uylarning energiya tejamkorligini oshirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Buning hisobiga vodiyda 400 million kub metr tabiiy gazni iqtisod qilsa bo‘ladi. Hozirda binolarni isitishga 2-3 baravar ko‘p energiya sarflanmoqda.

O‘zA