Shahrisabz shahridagi Madaniyat saroyida “Bo‘zatov Fest” yoshlar ovozi ko‘rik- tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda tanlovning quyi bosqichlarida 4 ta – baxshichilik, an’anaviy ijro, opera va estrada yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 160 nafar yosh ishtirok etdi.

Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, shu bilan birga yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, milliy g‘urur va iftixor, bag‘rikenglik, bunyodkorlik, mehr-oqibat g‘oyalari ruhida tarbiyalash, baxshichilik, an’anaviy ijro, opera, estrada yo‘nalishlarida ijod qilayotgan yosh iste’dodlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash, katta sahnalarda o‘z san’atini namoyish etishi uchun keng yo‘l ochib berilmoqda. Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda “Yoshlar ovozi prodyuserlik markazi” MCHJ bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Bo‘zatov Fest” yoshlar ovozi ko‘rik- tanlovi barcha iste’dodli yosh ijodkorlarni o‘z atrofiga jamladi.

Yosh ijodkorlarning mahoratini oshirish, milliy san’atimizni dunyo sahnalariga olib chiqish, havaskor va professional ijodkorlarni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilayotgan ushbu tanlovning viloyat bosqichida ishtirokchilar yana bir bor iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, baxshichilik, an’anaviy ijro, opera, estrada yo‘nalishida uchta yosh toifasida 12 nafar ishtirokchi birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi va tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish imkonini qo‘lga kiritdi.

G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari