Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayevning qator fermer xo‘jaliklar rahbarlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda bugungidek suv tanqisligi davrida oqar suvdan oqilona, tejab foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida suvni oz talab etuvchi ekin turlaridan hosil olishni ko‘paytirish, bozorlarni sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash, ekin maydonlarida yangi innovatsiyalarni joriy etish masalalari to‘g‘risida so‘z yuritildi.

So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida suv manbalaridan samarali foydalanishga qaratilgan choralarni amalga oshirishga zarurat ortib bormoqda. Shuning uchun suv manbalaridan foydalanishda yuzaga kelayotgan muammolardan kelib chiqib, sohada suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bugungi kunning eng dolzarb vazifasi hisoblanadi.

Oldin sholi ekilgan maydonlarga keyinchalik suv nisbatan kam talab etuvchi kartoshka, poliz, dukkakli va moyli ekinlar ekildi. Mana shunday olib borilgan tadbirlar natijasida 2022-yilga nisbatan 2023-yili kunjut eksporti ko‘lami 12,5 barobarga, mosh eksporti 11,8 barobarga oshdi. Poliz va sabzavot yetishtirishda ham yuqori darajada o‘sish kuzatildi.

Soha mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan hisob-kitoblarga qo‘ra, 1 gektarda sholi yetishtirish uchun 24,8 ming metr kub suv sarflanadi va 5 tonna hosil olinadi. O‘rtacha 1 kg sholi narxi 8 ming so‘mdan hisoblaganda, jami 40 million so‘m daromad olinadi. 1 gektarda kunjut yetishtirish uchun faqat 1,6 ming kub metr suv sarflanadi va 1 tonna hosil olinadi. O‘rtacha 1 kg kunjut 18 ming so‘mdan hisoblaganda jami 18 million so‘m daromad olish mumkin.

Shuning uchun, birinchi galda, aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida sholini tartib bilan joylashtirib, ichki bozorni guruch bilan ta’minlash imkoni mavjud. Ammo davlat organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga qaramasdan hamda sholi yetishtirishni qisqartirishda qonunchilikda aniq normalar belgilanmaganligi sababli ayrim qishloq xo‘jaligi korxonalari va fermerlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan sholi yetishtirilgan. Yuqoridagilarni hisobga olib, aholining tomorqalarini va suvni nisbatan kam talab etuvchi ekinlar joylashtirilgan qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini sug‘orishdan ortgan suvdan kelib chiqib, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlarida joriy yilning hosili uchun sholi yetishtirish rejalashtirilmoqda.

Bu borada Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tomonidan Qishloq xo‘jaligi vazirligiga va mas’ullarga mazkur tumanlarda sholining erta pishar navlari joylashtirilishini ta’minlab, kunlik hisobot kiritib borish, sholi ekilgan maydonlarni konturlar kesimida monitoring qilib, 20-avgustga qadar Vazirlar Kengashiga tegishli xulosalarni berish, sholi taqsimlanmagan maydonlarga qishloq xo‘jaligi korxonalari va fermerlar tomonidan sholi ekilganda belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘rish topshirig‘i berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri