So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabat yuqori darajaga ko‘tarilib bormoqda. Iqtisodiy soha bilan bir qatorda, parlamentlararo va madaniy aloqalar, iqlim o‘zgarishi oqibatiga qarshi birgalikda kurashish, turizm sohasida zamonaviy tizim asosidagi almashinuv yo‘lga qo‘yilgan. Xalqaro maydonda konstruktiv sheriklik jadallashyapti. Hamkorlikning boshqa yo‘nalishlarida ham umumiy imkoniyat, salohiyat mavjud.

Bugun “The London Post” nashrining Xalqaro aloqalar bo‘yicha Bosh muharriri Raza Said O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga tashrif buyurdi.

Ikki davlat yetakchi OAV rahbarlari o‘rtasida kechgan muloqot avvalida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘zaro strategik sheriklik munosabatini mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakat so‘nggi yillarda yanada jadallashgani ta’kidlanib, mehmonga turli sohalar qatori yurtimiz media makonida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar xususida batafsil ma’lumot berildi.

O‘zbek va ingliz xalqlari o‘rtasidagi mushtarak munosabat, ayniqsa, ta’lim, “yashil” iqtisodiyot, transport-logistika, kapital bozori kabi sohalarda jadal rivojlanayotgani, ayni jarayonda har ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida muntazam axborot almashish muhimligi qayd etildi.

Raza Said “The London Post” va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA o‘rtasidagi aloqalarni zamon talabi darajasida takomillashtirishni nazarda tutuvchi memorandum imzolash, kelishuv doirasida axborot almashish ko‘lamini kengaytirish, o‘zaro xodimlar tajriba-malakasini tizimli ravishda oshirib borish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

– Birlashgan Qirollik sayyohlarining bu o‘lkaga qiziqishi bejiz emas, – dedi Raza Said. – Sababi, Samarqand, Buxoro, Xiva, Farg‘ona kabi shaharlar bizda ancha mashhur. Ab-u Rayhon Beruniy, Al-Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur, At-Termiziy kabi buyuk siymolarni butun dunyo taniydi. Bilasizmi, muhim voqealar to‘g‘risida axborot uzatishda manba xolis, ishonchli bo‘lishi juda muhim. Shu ma’noda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishib olganimiz ayni muddao. O‘zbekistonga birinchi kelishim. Bu o‘lkaning mehmondo‘st va samimiy insonlari menga juda yoqdi.

Qarorgohi Buyuk Britaniyaning London shahrida joylashgan “The London Post” butun dunyo bo‘ylab siyosiy-tahliliy maqolalari, eksklyuziv intervyulari bilan tanilgan mashhur portal. Nashrning turli davlatlardagi muxbirlar tarmog‘i dunyoda bo‘layotgan o‘zgarishlar va yangiliklar haqida 5 tilda tezkor, obyektiv axborot tayyorlaydi.

Ushbu platforma orqali turli soha vakillari, ziyolilar bilan muloqot qilish, o‘zaro tajriba almashish imkoni bor. Saytda e’lon qilingan materiallar, hujjatli video filmlar, debat dasturlari ilmiy izlanuvchi, akademik, diplomat, yozuvchi, olimlar tomonidan olib boriladigan BMT, Yevropa Ittifoqi kabi nufuzli tuzilmalar forumlari tadqiqoti uchun ochiq minbar hamdir.

O‘tkir Alimov, Nosirjon Haydarov (surat), Yoqubjon Meliboyev (video), O‘zA