Yurtimizdagi ziyoli insonlarning ko‘pchiligi mustabid tuzum davrida turli bahonalar bilan ayblanib, qatag‘on qilingani hech kimga sir emas.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 8-oktyabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida ana shunday insonlarning pok nomlari tiklanmoqda. Ya’ni, sud qarorlari asosida ularni oqlash ishlari davom ettirilmoqda.

Farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish, ular xotirasini abadiylashtirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tashkil etilgan.

Oliy sudda ham muayyan sabablarga ko‘ra reabilitatsiya qilinmagan qatag‘on qurbonlarining nomlarini oqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish masalalari bo‘yicha ishchi guruhi tuzilgan.

Ishchi guruhlarning izchil faoliyati, sa’y-harakati tufayli so‘nggi yillarda sovet davrida qatag‘on qilingan 1 ming 31 nafar vatandoshimiz oqlandi.

Oliy sudga navbatdagi 198 nafar shaxsga oid 11  jinoyat ishi kelib tushgan va ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqilgan. Ular O‘rta Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi qoshidagi Uchlik kengashlari maxsus yig‘ilishining 1930-1938-yillardagi qarorlariga ko‘ra, hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Xorazm, Buxoro, Jizzax va Namangan viloyatlari hududlarida aksilinqilobiy maqsadlarda harakatlar va qurolli qo‘zg‘olonlar, terrorchilik, banditizm va shpionaj sodir etish, Turkfront maxsus bo‘limi hay’ati hamda Butunrossiya favqulodda komissiyasi Prezidiumi maxsus yig‘ilishining 1920-1921-yillardagi qarorlariga ko‘ra hozirgi Farg‘ona viloyati hududida bosmachilik harakatida ishtirok etish hamda O‘zSSR Oliy sudining 1938-yildagi hukmiga ko‘ra partiya tashkilotlarida aksilsho‘ro faoliyatini amalga oshirganlikda ayblangan.

Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida protestlar keltirildi.

Oliy sudda o‘tgan ochiq sud majlislarida ushbu protestlar ko‘rib chiqildi va qanoatlantirildi.

Sud majlisida ishtirok etgan “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori Baxtiyor Hasanov millat ma’rifati yo‘lida kurashgan, ammo xalq dushmani, bosmachi degan tamg‘alar bilan nohaq ayblangan, qatag‘on qilingan millat oydinlari oqlanayotgani tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi eng ezgu ishlardan biri bo‘layotganini qayd etdi. Sudga taqdim etilgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Oliy sud raisi o‘rinbosari, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ikrom Muslimov raislik qilgan sud majlislarida Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 11 jinoyat ishi bo‘yicha 198 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining oqlov hukmlari chiqarildi.

SSSR Oliy sudi jinoyat sudlov hay’atining 1930-yil 21-iyundagi hukmi bilan O‘zbekiston SSR Oliy sudi raisi lavozimida ishlagan Sa’dulla Qosimov va boshqalar (jami 7 kishi) O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 63-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilib, ularga mol-mulkini musodara qilgan holda o‘lim va ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Bugungi sud majlisida S.Qosimovning nabirasi F.Sa’dullayev tomonidan ushbu hukm ustidan berilgan kassatsiya shikoyati ham ko‘rib chiqildi. Natijada S.Qosimov va boshqalarga nisbatan chiqarilgan ayblov hukmi bekor qilinib, ularning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud emasligi hamda jinoiy hodisa yuz bermagani sababli, u aybsiz deb topilib, oqlandi.

– Bobom Sa’dulla Qosimov haqida otam Lutfulla Qosimov doim so‘zlab berardi, – deydi Fatxulla Sa’dullayev. – Bobomning adolatli inson bo‘lgani, doim xalqqa yordami tegganini faxrlanib so‘zlash bilan birga, otam rahmatli o‘z otasining nohaq qoralangani, nomi badnom qilinganini afsus, nadomat, armon bilan eslardi. Bobomning nohaq ayblanganini isbotlash uchun otam umrining oxirigacha kurashdi, ammo hech narsaga erisha olmay, bu dunyodan armon bilan o‘tib ketdi. Bobomning oqlanishini ko‘rish menga, boshqa nabiralari, chevaralariga nasib

qilganidan behad mamnunmiz. Buning uchun bu ishlarga bosh bo‘layotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Shu asnoda adolat qaror topdi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi.

Norgul Abduraimova, Doniyor Yakubov (video), Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA muxbirlari