“Hunarmand” birlashmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Yoshlar ishlari agentligi, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun qulay muhit yaratish, nogironligi bo‘lgan hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni realizatsiya qilish maqsadida yarmarka tashkil etildi.

Orolbo‘yining barcha shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan “Hunarmand” birlashmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Nogironlar jamiyati Qoraqalpog‘iston bo‘limi, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi, “O‘zbekiston Maxsus olimpiadasi” jamoat birlashmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi a’zolari o‘zlari tomonidan ishlangan buyumlari bilan ishtirok etdi. Yarmarkada turli naqshlar bilan bezak berib tikilgan milliy liboslar va quroq ko‘rpachalar, ko‘rpa-to‘shaklar, suvenirlar, turkman, qozoq va boshqa millatlarning milliy kiyimlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari namoyish etildi.

–Ko‘rgazmada turkman milliy kashtachilik buyumlari bilan ishtirok etyapman, – deydi to‘rtko‘llik xususiy tadbirkor Nasiba Qutlimuratova. – Oldinlari Toshkent va Qo‘qon shaharlarida o‘tkazilgan ko‘rgazmalarda ishtirok etdim. Hunarmandlar bilan tajriba almashish, mahsulotlarimizni targ‘ib qilishda bunday yarmarkalar muhim ahamiyat kasb etadi.

Yarmarkada qator chet ellik mehmonlar ham ishtirok etib, nogironligi bo‘lgan hunarmandlar tomonidan tayyorlangan turli buyumlar bilan tanishdi. Bu yerdagi ajoyib buyumlar ularda katta taassurot qoldirdi.

Albatta, mamlakatimizda ijtimoiy yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tashkil etilgan yarmarka bu boradagi ishlarning amaldagi namunasi bo‘ldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari