Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi a’zolari, Mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashish, gender tenglik, odam savdosi va majburiy mehnatning oldini olish masalalari boshqarmasi, O‘zbekiston siyosiy partiyalarining “Ayollar qanoti” tuzilmasi rahbarlari ishtirokida yurtimizda xotin-qizlarning siyosiy jarayonlarda faolligini oshirish borasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasining ijrosi, shuningdek, maqsadli ko‘rsatkichlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bir qancha vazirlik va idoralar, shu jumladan, siyosiy partiyalar o‘z vaqtida statistik ma’lumotlarni taqdim etmagan. Shu bois siyosiy partiyalar vakillariga mazkur ko‘rsatkichlarni xar oyning 5 sanasigacha taqdim etish lozimligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, tadbir davomida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi rolini hamda saylov jarayonlaridagi faolligini oshirish bo‘yicha bevosita siyosiy partiyalar bilan hamkorlik dasturini ishlab chiqish borasidagi vazifalar muhokama qilindi. O‘z navbatida, mazkur dastur kelajakda xotin-qizlarning siyosiy jarayonlarga qiziqishini uyg‘otish va faolligini oshirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Muhokamalar davomida ishtirokchilar tomonidan bir qator takliflar ilgari surildi. Xususan, O‘zbekistonda siyosiy faol ayol imijini yaratish, siyosiy partiyalarga ayollarni ko‘proq jalb etish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, shu bilan birga, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar orasida siyosiy jarayonlar targ‘ibotini oshirish kabi bir qancha takliflar shular jumlasidandir.
Tadbir so‘nggida Oliy Majlis Senati hamda O‘zbekiston siyosiy partiyalari 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasining ijrosi, shuningdek, O‘zbekistonda siyosiy faol ayollarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldi.
O‘zA