“Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi Xalqaro innovatsiya markazi ko‘magida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Bir million daraxt” aksiyasi tashkil etildi.
Nukus shahridagi 43-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi hududida o‘tkazilgan tadbirda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi va maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari ishtirok etdi.
Aksiyadan ko‘zlangan maqsad o‘rmonlarni kesish va iqlim o‘zgarishi ta’siriga qarshi kurashish, odamlarni ixtiyoriy ravishda birlashtirish orqali qulay atrof-muhit yaratish, mamlakatimizda daraxtlarni ko‘paytirish va o‘stirish masalalariga e’tiborni jalb qilishdan iboratdir. Ushbu loyihani yiliga ikki marotaba, oktyabrdan dekabrgacha va fevraldan aprelgacha bo‘lgan davrda o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ta’kidlanganidek, “Yuksalish” harakatining tashabbusi bilan 2019 yil oktyabr oyidan respublikaning barcha hududlarida “Bir million daraxt” aksiyasi o‘tkazilib kelinmoqda. Harakat faollari tashabbusi BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va 2019 yil 24 oktyabr kuni aksiyaga O‘zbekistonning shimoliy hududi Qoraqalpog‘iston Respublikasidan start berildi.
O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi Xalqaro innovatsiya markazi ko‘magida mazkur aksiya o‘tgan yillari Mo‘ynoq, Bo‘zatov, Xo‘jayli tumanlarida va Nukus shahrida o‘tkazildi.
Tadbir davomida 50 dona manzarali ko‘chat va nihol ekish ishlari olib borildi. Mazkur aksiyada ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash bilan birga, ushbu hududni obod saqlashni 43-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi rahbariyati o‘z zimmasiga oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.