11 noyabr – Kasaba uyushmalari kuni
Nukusda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi tomonidan 11 noyabr – “Kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan “Inson qadri uchun, el yurt baxti uchun!” shiori ostida mehnat faxriylari hamda kasaba uyushmalari faollari ishtirokida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi tomonidan 2024 yilning o‘tgan oylari mobaynida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
Jumladan, jamoat shartnomalar orqali har bir ishlovchiga o‘rtacha hisoblangan mablag‘ miqdori 5324,6 ming so‘mni tashkil etib, bu ko‘rsatgich o‘tgan yilga nisbatan 14,5 foizga o‘sdi. Joriy yilning 10 oyi davomida Davlat dasturi doirasida korxona, tashkilot va muassasalarda jamoat shartnomalar orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj kam ta’minlangan oilalar, ishlovchi pensionerlar, korxonada avval ishlagan xodimlar, nogironlar, xotin-qizlar va yoshlarni moddiy tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 9 ming 467 nafar xodimga jami 3 milliard 677 million 648 ming so‘m moddiy yordam berildi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lgan davomida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasida berilgan topshiriqlar va 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda uchrayotgan muammolar va ularni hal etish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan choralar haqida”gi majlis bayonining 103-bandiga muvofiq, 2023 yil 10 mart kuni Bo‘zatov tumanida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari tomonidan sanatoriyga tamal toshi qo‘yilib, bugungi kunda qurilish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Nukus shahri “Chimboy guzari” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi eski “Jetkinshek” bolalar oromgohi o‘rnida yangi zamonaviy bolalar sog‘lomlashtirish oromgohining qurilishi boshlandi.
Shuningdek, 2024 yil yoz mavsumida 11 statsionar turdagi oromgohda jami 7 ming 753 nafar bola, 69 madaniyat va sport maydonchasida 16 ming 753 nafar bola dam oldirildi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi o‘z hududlaridagi diqqatga sazovor joylarga 7 ming 799 nafar hamda tarixiy shaharlarga 7 ming 279 nafar, jami 15 ming 78 nafar xodim va ularning oila a’zolari sayohati uyushtirildi. Korxona va tashkilotlarda ishlovchi xodimlarning 9 ming 846 nafari teatr va muzeylarga olib borildi.
2024 yil bugungi kungacha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli sanatoriylarda respublikadan 2 ming 747 nafar kishi imtiyozli yo‘llanma bilan, shundan 126 nafari bepul sog‘lomlashtirildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida xotin-qizlarning muammolari “mahallabay” o‘rganib chiqilib, 452 ta fuqarolar yig‘inida 30 yoshdan yuqori bo‘lgan 57 ming 16 nafar xotin-qiz 6 ta toifa bo‘yicha “Ayollar daftari”ga kiritildi. Joriy yilning 1 noyabr holatiga “Ayollar daftari”ning 5 bosqichiga kiritilgan 56 ming 548 nafar xotin-qizga toifalar bo‘yicha yordam ko‘rsatildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan bir qator faollar davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, bayram munosabati bilan yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hamda aholi turmush darajasini oshirishga, mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga hamda ularning salomatligini tiklashga, madaniyat va sportni rivojlantirishga, kasaba uyushmalari faoliyatidagi faolligi uchun bir qator xodimlar hamda mehnat faxriylariga Faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
– Tinch elga mana shunday bayramlar yarashadi, – deydi mehnat faxriysi X.Yermagambetov. – Prezidentimiz tashabbusi bilan kasaba uyushmalari kuni mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda. Bugungi kunga kelib, kasaba uyushmalari tom ma’nodagi xalqning ishonchini qozonayotgan tizimga aylandi. Qolaversa, Yangi O‘zbekistonda shakllangan yangi tizim o‘zini to‘la oqlamoqda.
Tadbir san’atkorlar ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.