2024 yil sentyabr oyida TASS o‘zining 120 yilligini nishonladi. Shu sababli agentlikning eng faol xodimlari “Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo‘ldi.
Prezident Vladimir Putin, jumladan, jamoaning 30 dan ortiq xodimini orden va medallar bilan taqdirladi. Davlat rahbarining tegishli farmoni rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.
– Mahalliy jurnalistika va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi va ko‘p yillik samarali mehnati uchun Rossiya axborot-telegraf agentligi (ITAR-TASS) federal davlat unitar korxonasi xodimlari mukofotlansin, – deyilgan hujjatda.
Faxriy jurnalistlar – Bosh direktorning birinchi o‘rinbosari Mixail Kalmikov va o‘rinbosari Aleksandr Kopnov Xizmat ko‘rsatgan jurnalist faxriy unvonini oldi. Xuddi shunday unvon xorijiy obunachilar uchun axborot tahririyati katta tarjimoni Aleksandr Nechayevga ham berildi.
Agentlik Bosh direktorining yana bir birinchi o‘rinbosari, xalqaro miqyosda taniqli mutaxassis Mixail Gusman Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, RF yetakchi axborot agentligidagi faoliyati bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimlar “Shon-sharaf” va “Do‘stlik” ordenlari, I va II darajali “Vatan oldidagi xizmatlari uchun”, “Jasorati uchun” medallari bilan taqdirlandi.
Rossiyaning birinchi raqamli davlat axborot agentligi Sankt-Peterburg telegraf agentligi nomi bilan 1904 yil 1 sentyabr kuni ish boshlagan. Bugungi kunda TASS rus, ingliz, arab, ispan, xitoy va fransuz tillarida yangiliklar tasmasi, shuningdek foto va video materiallarning keng ma’lumotlar bazasiga ega eng ko‘p iqtibos keltiriladigan axborot agentliklaridan biridir. Agentlikning Rossiya va xorij bo‘ylab 130 joyda vakolatxonasi bor.
Muharrama Pirmatova, O‘zA