Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Intellektual yetuk yoshlar” kitobxonlik tanloviga start berildi.

Tanlov Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston bolalar tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil qilindi. Asosiy maqsad o‘quvchi-yoshlarni erkin fikrlashga, milliy o‘zlikni anglashiga, intellektual salohiyatini rivojlantirishga hamda ularda kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashdan iborat.

– Tanlovga Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab 722 ta umumta’lim maktabidan 4 mingdan ortiq o‘quvchini qamrab olish rejalashtirilgan, – deydi O‘zbekiston bolalar tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari Sarvinoz Jolimbetova. – O‘quv yili yakuniga qadar ishtirokchi jamoalardan ro‘yxat asosida o‘nlab badiiy kitoblarni o‘qish talab qilinadi. Hozirda tanlovning shahar va tuman bosqichlari o‘tkazilyapti. O‘quv yili oxirida eng yuqori ball to‘plagan jamoalar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan munosib tarzda taqdirlanadi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA