Sug‘orish kanallaridagi barcha suv olish nuqtalariga turbulent oqimli gidroturbinalarni o‘rnatish natijasida 1,1 million uy xo‘jaligini sof elektr energiyasi bilan ta’minlash mumkin. Bu jami uy xo‘jaliklarining 15 foizini tashkil etadi.

Muzliklar, daryolar, ko‘llar, suv omborlari, transchegaraviy daryolar va yerosti suvlari O‘zbekistonning gidroenergetika salohiyati manbaidir.

Ekspertlarning tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi daryo oqimlarining nazariy gidroenergetika salohiyati yiliga 88,5 milliard kVt•soatni, texnik gidroenergetika salohiyati esa 27,4 milliard kVt•soatni tashkil etadi. Hozir ushbu salohiyatning qariyb 24 foizidan foydalanilmoqda.

Gidroenergetika sohasida yiliga o‘rtacha 6 milliard kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Uning aholi jon boshiga ulushi 168 kVt•soatni tashkil etadi.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Piskom daryosi respublika bo‘yicha o‘rganilgan suv oqimlarining eng katta salohiyatiga – 1 324 MVt quvvatga ega. Bu O‘zbekistondagi mavjud gidroenergetika resurslarining 45,3 foizi demakdir.

2022 yilda jami elektr energiyasining 9 foizi va amaldagi quvvatlarning qariyb 12,9 foizi gidroelektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan.

Tadqiqot davomida hududlarning gidroenergetika reytingi tuzib chiqildi. 14 ta hududdan 9 tasida gidroelektr stansiyasi mavjud. Reyting bo‘yicha 1-o‘rinni Toshkent viloyati egalladi. Buxoro, Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida reytingdagi o‘rnini yaxshilash imkoniyati mavjudligi aniqlandi. Kelajakda  hududlarda xususiy investorlar tomonidan quvvati 500 kVtgacha bo‘lgan kichik gidroelektr stansiyalarini qurish va qo‘shimcha 202,7 million kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin.

Ekspert baholash natijalariga ko‘ra, mahalliy sharoitda turbina xaridi, 300 m3 temirbeton ishlari va 100 kVtli turbulent oqimli kichik GESni ishga tushirish uchun 230 ming AQSH dollari miqdorida pul mablag‘i sarflanadi.  Ushbu qurilma eng yuqori quvvatda ishlaganda yiliga 864 ming kVt•soat, mavsumiy suv oqimida ishlaganda esa yiliga 576 ming kVt•soat elektr energiyasini ishlab chiqaradi. “Yashil” tariflar qo‘llanilib, barcha soliqlar va to‘lovlardan ozod qilinganda loyiha o‘zini 5-7 yilda qoplaydi.

O‘zA