Joriy yil 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi va unda Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishning texnik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Imzolangan “Yo‘l xarita”ga muvofiq tomonlar o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlar va o‘rganishni kelishib oldi.

Ishchi guruh texnik jihatdan barcha ishlarni yakunlagandan so‘ng, tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha asosiy shartlar muhokama qilinadi.

Shuni alohida ta’kidash lozimki, olib borilgan muzokaralar hamda “Yo‘l xaritasi”da O‘zbekiston Respublikasining mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda ichki bozorga tabiiy gaz zarur miqdorlarda yetkazib berish maqsad qilingan. Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q.

Kelgusida ushbu yo‘nalishdagi barcha ishlar O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini to‘liq himoya qilgan holda amalga oshirilib, natijalari yuzasidan doimiy ravishda jamoatchilikka ma’lum qilib boriladi.


O‘zA