Bir yil kechiktirib o‘tkazilayotgan “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan og‘ir atletika bahslarining muddati o‘zgardi.
Bu borada Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi va musobaqa tashkiliy qo‘mitasi o‘zaro kelishuvga erishdi, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.
Bunga sabab sifatida joriy yil 2-17 sentyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tadigan jahon chempionati va Osiyo o‘yinlari orasidagi muddat yaqin bo‘lib qolgani ko‘rsatilmoqda.
Avvalgi taqvimga ko‘ra, Osiyo o‘yinlaridagi og‘ir atletika bahslari 27 sentyabr – 4 oktyabr kunlari o‘tkazilishi lozim edi. Yangi sanaga muvofiq, bahslar 30 sentyabr – 7 oktyabr kunlari tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlari joriy yilning 23 sentyabr — 8 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
O‘zA