Qilichbozlikning sablya yo‘nalishida Peruda o‘tgan navbatdagi jahon kubogi bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham yakkalik, ham jamoaviy yo‘nalishda g‘alabaga erishdi.

Shaxsiy birinchilikda Musa Aymuratov barcha raqiblarini katta ustunlik bilan dog‘da qoldirgan bo‘lsa, mazkur dasturda Islombek Abdazov va Azizbek Dauletnazarov bronza medallariga ega chiqdi.

Ushbu uchlikka qo‘shilgan iste’dodli sportchimiz Zuhriddin Qodirov jamoaviy dasturda oltin medal qo‘lga kiritilishiga munosib hissa qo‘shdi.

Shuningdek, hafta so‘ngida shpagachi qizlarimiz Isroil, yigitlarimiz Bahraynda o‘tgan jahon kubogi bosqichida yakkalik bellashuvlarda chorak finalgacha yetib bordi.

Jamoaviy dasturda finalda mezbonlarga imkoniyatni boy bergan qizlarimiz kumush medalga sazovor bo‘ldi. Yigitlarimiz esa kuchli to‘rtlikdan joy oldi, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.

Mamlakatimiz qilichbozlarining ushbu uchta mamlakatda o‘tgan bahslarda o‘ziga xos natijaga erishishi keyingi muvaffaqiyatlarga zamin bo‘lishi shubhasiz.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA