Fransiyadagi “Hennebont Ping Center” xalqaro musobaqalar markazida “ITTF World Hopes Week & Challenge” dasturi doirasida stol tennisi bo‘yicha yosh sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Arujan Kamalova muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

30 ta milliy assotsiatsiyadan 20 nafar o‘g‘il va 20 nafar qiz qatnashgan turnirda Toshkent viloyati stol tennisi maktabining tarbiyalanuvchisi Arujan Kamalova “A” guruhidan joy oldi va o‘z guruhida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan holda pley-off yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Olimpiya tizimida o‘tkazilgan bosqichda chorak finalda Arujan  fransiyalik raqibidan ustun keldi va yarim finalda tailandlik raqibiga qarshi bahs olib bordi.

Final yo‘llanmasi uchun kurashda A.Kamalova tailandlik raqibasiga imkoniyatni boy berdi. 3-o‘rin uchun kechgan bahsda Arujan eronlik raqibasiga ro‘baro‘ keldi va uni 3-1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, turnirning bronza medali sohibiga aylandi.

Ushbu muvaffaqiyat tufayli hamyurtimiz joriy yil mart oyida Singapur mamlakatida dunyoning eng kuchli kichik raketka ustalari ishtirokida o‘tadigan navbatdagi turnirda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA