Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida davom etayotgan “Tata Steel Chess” musobaqasi tobora qizg‘in pallaga kirib bormoqda.
Bugun, 21 yanvar kuni poyoniga yetgan 7-turda hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov hindistonlik Arjun Erigaysiga qarshi kurash olib bordi.
Qiziqarli va o‘ziga xos kombinatsion tarzda o‘tgan o‘yinda hamyurtimiz garchi qora donalarda harakatlangan bo‘lsa-da, o‘tgan yilgi xalqaro musobaqada amaldagi Jahon chempioni Karlsenni mag‘lubiyatga uchratgan 19 yoshli Arjunni ko‘p hollarda qiyin vaziyatga solib qo‘ydi.
Bu harakatlar oxir-oqibat o‘z samarasini berdi. O‘yinning 43-yurishida hindistonlik shaxmatchi Nodirbekning hujumlariga dosh bera olmadi va taslim bo‘ldi.
Yakunlangan 7-tur o‘yinlaridan keyin 5,5 ochko jamg‘argan Nodirbek Abdusattorov xalqaro turnirdagi peshqadamligini yanada mustahkamlab oldi.
“Chellenjer” guruhining 7-turida Javohir Sindorov niderlandiyalik Elin Royebers bilan ro‘baro‘ keldi. Oq donalarda harakat qilgan Javohir uchrashuvda g‘alabaga erishib, ochkolari sonini 5 taga yetkazib oldi.
Ertaga, 22 yanvar kuni “Masters” guruhida bo‘lib o‘tadigan 8-tur uchrashuvida Nodirbek Livan Aronyanga qarshi bahs yuritadi.
“Chellenjer” guruhida o‘z mahoratini namoyish etayotgan Javohir Sindorov ertangi 8-tur o‘yinida musobaqa yetakchilaridan biri — turkiyalik Mustafa Yilmazga qarshi qora donalarda harakatlanadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA