Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Tata Steel Chess” xalqaro turnirida shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov yurtimiz sharafini munosib tarzda himoya qilmoqda.
Kecha Nodirbek Abdusattorov qatnashayotgan «Masters» guruhi uchun dam olish kuni etib belgilangan edi. Javohir Sindorov dona surayotgan «Chellenjer» guruhida bo‘lsa, 5-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur turda Sindorov slovakiyalik grossmeyster Jergus Pechak bilan kuch sinashdi. O‘ziga xos uchrashuvda Javohir g‘alabaga erishdi va 5 imkoniyatdan 3,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu natija tufayli hamyurtimiz turnir jadvalida 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Turkiyalik Mustafo Yilmaz 4 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
Bugun, 19 yanvar kuni «Chellenjer» guruhida dam olish kuni bo‘lsa, Abdusattorov peshqadamlik qilayotgan «Masters» guruhida navbatdagi tur o‘yinlari tashkil etiladi. Unda Abdusattorov Magnus Karlsen bilan kuch sinashadi.
Ertaga «Chellenjer» guruhida Sindorov 6-turda braziliyalik Luis Supiga ro‘baro‘ keladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA