Bugun, 18 yanvar kuni Tailand poytaxti Bangkok shahrida 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida qit’a chempionati boshlanmoqda.

Osiyo qit’asining 30 ga yaqin davlatlaridan mahoratli yosh charm qo‘lqop uchtalari ishtirok etayotgan birinchilikda mamlakatimizning 11 nafar xotin-qiz va 13 nafar o‘g‘il bola bokschilari g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Kecha chempionat oldidan mandat komissiyasining yig‘ilishi hamda barcha vaznlarda qatnashadigan bokschilar o‘rtasida qur’a tashlash marosimi tashkil etildi.

Qur’a natijalariga ko‘ra, bugun U-22 Osiyo chempionatining ilk janglarida terma jamoamiz a’zolaridan Mirzabek Mirzaxalilov 57 kilogramm vaznda ilk jangini o‘tkazadi.

Boks bo‘yicha xalqaro toifadagi referi, O‘zbekiston boks federatsiyasi hakamlar kengashi raisi Bekjon Yusupov chempionatda hakam sifatida faoliyat olib boradi.

Qit’a chempionati 26 yanvarga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil yanvar oyida Toshkentda o‘tkazilgan qit’a chempionatida mamlakatimiz vakillari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan edi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA