O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tasarrufidagi Nukus shahar o‘quv-sport texnika klubi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlar boshqarmasi, “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy vatanparvarlik harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, Nukus shahar “Aq jag‘is” madaniyat markazi bilan hamkorlikda “Vatanparvarlik oyligi” doirasida “Milliy armiyamiz – Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida tadbir o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2022 yil 14 dekabr kungi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini taminlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad, “Vatanparvar” tashkiloti faoliyati, uning rivojlanish yo‘nalishlari, yurtimiz ijtimoiy hayotida tutgan o‘rni, amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida aholiga, ayniqsa yoshlarga yetkazish hisoblanadi.

Shuningdek, yoshlarni, ayniqsa uning uyushmagan qismini kasbga tayyorlash, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlarini bepul asosda, davlat byudjeti hisobidan o‘qitilishi bo‘yicha yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlarni tushuntirish, bolalar, o‘smirlar va yoshlarni tashkilot tizimida mavjud sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha seksiya hamda to‘garaklarda bepul shug‘ullanishlari uchun jalb qilish, fuqarolar va yoshlarni o‘quv-sport texnika klubida yaratilgan sharoitlar, uning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish, kasb tanlashga yo‘naltirishdir.

Tadbirda Nukus shahar, Nukus tumani miqyosida “Vatanparvar” tashkiloti huzuridagi avto, motosport klublari, avia va raketa modellashtirish to‘garaklarining ko‘rgazmali namoyishlari, Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy texnik mutaxassislarni tayyorlash markazi kursantlarining chiqishlari, umumta’lim maktablari “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy vatanparvarlik harakati a’zolarining qo‘l jangi bo‘yicha sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Shuningdek, umumta’lim maktablaridan tashkil topgan 24 ta jamoa o‘q otish sport musobaqasida kuch sinashdi. Unda g‘oliblar rag‘batlantirildi.


Dovud Abibullayev, O‘zA