AQSHning Leyk-Plesid shahrida XXX qishki Universiada o‘yinlari boshlandi.
12 yanvar kuni kechki payt Universiadaning tantanali ochilish marosimi tashkil etilib, unda ishtirok etayotgan 46 ta mamlakat sport delegatsiyasi o‘z davlati bayrog‘i bilan sport maydoni bo‘ylab harakatlandi. Shular qatorida o‘zbekistonlik sportchi-talabalar ham Vatanimiz bayrog‘ini tantanali ravishda olib o‘tdi.
«Qishni asraylik!» shiori ostida o‘tayotgan Universiada o‘yinlarida dunyo mamlakatlarining 540 dan ortiq universitet va boshqa oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 1443 nafar talaba-sportchisi qatnashmoqda. Marosimda Amerika qit’asida yashab o‘tgan qabila-elatlarning salomlashish jarayonlari kompazitsion shaklda namoyish etildi.
Muzdagi nafis chiqishlar, sportchilarning qasamyodlari va o‘ziga xos olovsiz qozonni yoqish jarayonlari Universiadaning ochilish tantanalariga fayz bag‘ishladi.
Mazkur Universiada o‘yinlarida O‘zbekiston talaba-sportchilarining 13 nafari uchta sport turi bo‘yicha Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Bugun, 13 yanvar kuni bir qator sport turlarida, jumladan vakillarimiz qatnashadigan snobuord va tog‘ chang‘isi yo‘nalishlarida dastlabki saralash bahslari o‘tkaziladi.
Aytish lozim, yilning ilk kompleks musobaqasi bo‘lgan ushbu Universiada o‘yinlarida sportchilar 12 ta sport (tog‘ chang‘isi, biatlon, chang‘i poygasi, kerling, figurali uchish, fritstayl, xokkey, chang‘i ikki kurashi, short-trek, tramplindan sakrash, snoubording, konkida yugurish) turidagi 86 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi.
Musobaqalar 22 yanvarga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA