Bugun, 12 yanvar kuni Kuala-Lumpurdagi Osiyo futbol konfederatsiyasi shtab-kvartirasida “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining ayollar futboli bo‘yicha Osiyo mintaqasining saralash o‘yinlariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Xabar berganimizdek, O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi Vetnam, Xitoy Taypey, Tailand, Myanma, Filippin, Hindiston bilan 1-savatchadan joy oldi.

Ikkinchi savatchadan Osiyo reytingida 13-19-o‘rinlarni egallagan Eron, Iordaniya, Gonkong, Indoneziya, Nepal, Qirg‘iziston va Mo‘g‘uliston o‘rin oldi. Uchinchi savatni 20-26-o‘rin sohiblari Falastin, Singapur, Turkmaniston, Bangladesh, Livan, Tojikiston va Timor tashkil etdi. To‘rtinchi savatda 27-30-o‘rinlarda borayotgan Shri-Lanka, Maldiv orollari, Pokiston, Butan va reytingsiz Afg‘oniston jamoasi joylashdi.

Jamoalar to‘rttadan iborat beshta guruhga va uchtadan iborat ikkita guruhga bo‘lindi. Ular joriy yil 3-11 aprel kunlari markazlashgan maydonda bitta davra ligasi formatida “Parij-2024” yo‘llanmalarini qo‘lga kiritish yo‘lida 2-bosqichga chiqish uchun raqobatlashadi.

Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi “A” guruhidan Iordaniya, Timor  va Butan jamoalari bilan joy oldi.

Ikkinchi bosqichga faqat guruh g‘oliblari yo‘l oladi. Ular qit’a ayollar futboli reytingida kuchli beshlikda borayotgan Shimoliy Koreya, Yaponiya, Avstraliya, Xitoy va Janubiy Koreya jamoalari bilan Olimpiya yo‘llanmalari uchun ikkinchi bosqichda kurashni davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, Parij Olimpiadasining ayollar futbolida Osiyo qit’asi uchun ikkita o‘rin ajratilgan.


T.Ro‘ziyev, O‘zA