Xabar berganimizdek, ertaga 12 yanvar kuni AQSHning Leyk-Plesid shahrida XXXI Butunjahon qishki Universiada o‘yinlari boshlanadi.

Dunyoning 44 ta mamlakatidan 1 ming 400 nafardan ziyod sportchilar qatnashadigan nufuzli musobaqada mamlakatimizning 13 nafar sportchisi figurali uchish, tog‘ chang‘isi va snoubord yo‘nalishlarida vatanimiz sharafini himoya qiladi.

2023 yilning ilk kompleks musobaqasi bo‘lgan mazkur Universiada o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston sport delegatsiyasi bugun erta tongda Toshkent – Nyu-York reysi bilan okean ortiga yetib bordi.

– Sport jamoamizning kayfiyati a’lo. Bizni Nyu-York aeroportida XXXI Butunjahon qishki Universiada o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi tomonidan ajratilgan maxsus guruh kutib oldi. Kun davomida jamoamiz uchun ajratilgan mehmonxonaga joylashamiz. Sport turlari bo‘yicha belgilangan sport majmualarni kuzdan kechiramiz. Sportchilarimiz taqdim etilgan talabnomalar asosida ro‘yxatdan o‘tishadi, – deydi telefon orqali muloqotda delegatsiya rahbari, O‘zbekiston talabalar sport assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Erkin Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, ertaga 12 yanvar kuni Universiada o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Hamyurtlarimiz musobaqa dasturiga binoan 13 yanvardan bahslardagi ishtirokini boshlaydi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA