Joriy yil ko‘pgina sport turlari qatori futbol jamoalari, xususan, ayollar futboli uchun ham “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmalarini sarhisob qilish pallasi bo‘lishi bilan ahamiyatlidir.

Aytish lozim, “Parij-2024” Olimpiadasida ayollar futboli uchun Osiyo qit’asiga ikkita o‘rin ajratilgan. Xo‘sh, ushbu o‘rinlar taqsimoti qanday bo‘ladi? Jamoalar Olimpiada yo‘llanmalari uchun qay tartibda kurash olib boradi?

Osiyo futbol konfederatsiyasi “Parij-2024” Olimpiya saralash tizimini e’lon qildi.

 

Unga ko‘ra, qit’a ayollar futboli reytingida kuchli beshlikda borayotgan Shimoliy Koreya, Yaponiya, Avstraliya, Xitoy va Janubiy Koreya jamoalari Olimpiya yo‘llanmalari uchun kurashga ikkinchi bosqichdan qo‘shiladi.

Osiyo saralashining birinchi bosqichi uchun qur’a tashlash marosimi joriy yil 12 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Osiyo futbol konfederatsiyasining Kuala-Lumpurdagi shtab kvartirasida birinchi davra uchun o‘tadigan qur’a tashlash marosimida qit’a reytingida 6-30-o‘rinlarni egallagan jamoalar, shuningdek, reytingga kirmagan bitta jamoa ishtirok etadi.

Birinchi savatda 6-12-o‘rinlarni egallagan Vetnam, Xitoy Taypeyi, Tailand, Myanma, O‘zbekiston, Filippin va Hindiston joy olsa, ikkinchi savatdan 13-19-o‘rinlarni egallagan Eron, Iordaniya, Gonkong, Indoneziya, Nepal, Qirg‘iziston va Mo‘g‘uliston o‘rin oladi. Uchinchi savatni 20-26-o‘rin sohiblari Falastin, Singapur, Turkmaniston, Bangladesh, Livan, Tojikiston va Timor tashkil etadi. To‘rtinchi savatda 27-30-o‘rinlarda borayotgan Shri-Lanka, Maldiv orollari, Pokiston, Butan va reytingsiz Afg‘oniston jamoasi ko‘rinish beradi.

Jamoalar to‘rttadan iborat beshta guruhga va uchtadan iborat ikkita guruhga bo‘linadi va joriy yil 3-11 aprel kunlari markazlashgan maydonda bitta davra ligasi formatida raqobatlashadi.

Ushbu turda har bir guruh g‘oliblari ikkinchi bosqichga yo‘l oladi va Osiyo reytingining eng yaxshi beshta jamoasi – Shimoliy Koreya, Yaponiya, Avstraliya, Xitoy va Janubiy Koreya bilan keyingi bosqich masalasini hal etadi.

Ikkinchi raundning guruh g‘oliblari va eng yaxshi 2-o‘rinni egallagan jamoalar uchinchi raundda uchrashadilar. Aynan ushbu bosqichda jamoalar uy va chiqish uchrashuvlarini o‘tkazadilar. Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan to‘rtta jamoaning ikkita g‘olib jamoasi 2024 yilgi Parij Olimpiadasiga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritadi.

Eslatib o‘tamiz, ayollar futboli bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari musobaqalari 1996 yildan beri o‘tkazib kelinadi.

 

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA