Shu kunlarda Melburnda tennis bo‘yicha Avstraliya ochiq chempionatining saralash musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.

Turnir direktori Kreyg Tayli bu galgi musobaqada ishtirok etayotgan tennischilarga COVID-19 testlarini topshirishlari shart emasligini va virusni yuqtirgan taqdirda ham o‘ynashga ruxsat berilishi mumkinligini tasdiqladi.

Nufuzli musobaqaning ilk bosqichida qatnashayotgan hamyurtimiz Nigina Abduraimova saralashning birinchi davrasida ispaniyalik Leyre Romero-Gormazga qarshi kortga chiqdi va 1 soat-u 52 daqiqa davom etgan bahsda 2:6, 6:3, 6:2 hisobida g‘alabaga erishib, ikkinchi bosqichga yo‘l oldi.

Ertaga, 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan ikkinchi davrada Nigina amerikalik Keti Kolinesga qarshi kortga chiqadi. Aytish lozimki, Keti reytingda 115-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Nigina 176-pog‘onada bormoqda.

Yana bir e’tiborli holat, Abduraimova Avstraliya ochiq chempionati saralash bosqichining ikkinchi davrasiga chiqishi tufayli WTA reytingi uchun 20 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.

16-29 yanvar kunlari bo‘ladigan mazkur nufuzli musobaqada ayollar tennisining yetakchilari bo‘lgan yaponiyalik Naomi Osaka, AQSH vakilasi Venera Uilyams ishtirok etmaydi.

Shuningdek, jarohati tufayli ayollar tennisida reyting peshqadami polshalik Igi Sventek, britaniyalik Emma Radukanu kabi tennischilar Avstraliya ochiq chempionatida qatnashishi gumon ostida turibdi, deyiladi insidethegames sayti xabarida.


T. Ro‘ziyev, O‘zA