Dide Desham 2026 yil iyunigacha Fransiya futbol terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimida faoliyatini davom ettiradi.

Bu haqda Fransiya futbol federatsiyasi xabar tarqatdi.

1998 yili Fransiya terma jamoasi tarkibida futbolchi sifatida jahon chempionligiga erishgan 54 yoshli sobiq yarim himoyachi oradan 20 yil o‘tib, ya’ni, 2018 yilgi mundialda bosh murabbiy sifatida Fransiyaning jahon chempionatida g‘alaba qozonishini ta’minladi.

O‘tgan yilning so‘nggi oyida Qatarda o‘tgan chempionatda esa Desham bosh murabbiyligidagi fransuzlar Jahon kubogini saqlab qola olmadi. Ular dramatik tarzda kechgan finalda Argentinaga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘ldi.

Desham yetakchiligida Fransiya termasi 2020-2021 yillari Millatlar Ligasida g‘alaba qozondi, Yevro-2016 finaliga chiqdi.

2012 yil 9 iyuldan bosh murabbiylikka tayinlangan Dide Desham bosh murabbiyligidagi Fransiya jamoasi 89 ta g‘alaba, 28 ta durang va 22 ta mag‘lubiyatli o‘yin o‘tkazgan.

Xabarda keltirilishicha, murabbiylar shtabida Gay Stefan, darvozabonlar murabbiyi Frank Ravio va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy Kiril Moyn ham Desham bilan birgalikda faoliyatni davom ettiradi.

 

 O‘zA