Bugun – 7 yanvar kuni Tojikiston va Qozog‘iston Respublikalari o‘rtasidagi diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon hamkasbi Qasim-Jomart Toqayevga tabrik yo‘lladi, deb xabar berdi Aqorda matbuot xizmati.

“Kazinform” xalqaro axborot agentligi ma’lum qilishicha, ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan Qozig‘iston rahbari nomiga Tojikiston yetakchisining tabrik telegrammasi kelib tushgan.

– Tojikiston tomoni ushbu davr mobaynida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash borasida erishilgan natijalarni yuqori baholaydi, – deyiladi tabrik matnida. – Shu bilan birga, davlatlararo munosabatlarni tartibga solishning ishonchli shartnoma-huquqiy bazasi va aniq mexanizmlari shakllantirildi. Ana shu mustahkam poydevor, o‘zaro ishonch va hurmat, strategik sheriklik kabi mustahkam tamoyillarga asoslangan hamkorligimiz bugungi kunda barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanayotgani quvonarlidir.

Telegrammada, shuningdek, ikki xalq manfaatlariga javob beradigan o‘zaro hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga ishonch bildirilgan.

Emomali Rahmon Qasim-Jomart Toqayevga yuksak mas’uliyatli davlat xizmatida ulkan muvaffaqiyat, do‘st Qozog‘iston xalqiga tinchlik va farovonlik tilagan.

O‘zA